Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kishi tongda o‘zining Qur’on virdini – u yod olish yoki tilovat qilish bo‘lsin hamda tongi zikrlarni aytishdan forig‘ bo‘lmagunicha aloqa vositalari, internet tarmoqlarini ochmaslikka o‘zini o‘rgatishi fiqhul avlaviyotdan hisoblanadi.
Chunki ushbu tonggi oraliq, fursat eng qadrli, ahamiyatli vaqtlardan bo‘lib, uni chalg‘itadigan, zehnini parishon qiladigan va vaqtini o‘g‘irlaydigan barcha narsadan chetlangan kishi uchun juda katta foydalar bo‘ladi.
Izoh: “Fiqhul avlaviyot” – ustun turadigan narsalar fiqhi yoki birlamchi masalalar fiqhi deganidir. Ya’ni, shariatda ustun turadigan narsalar fiqhiga nisbatan qo‘llaniladigan atama.
O‘zbekiston musulmonlari idorasida fuqarolar bilan muloqotni yanada mustahkamlash, aholini qiynayotgan masalalarni tinglash va ularga yechim topish maqsadida navbatdagi qabul bo‘lib o‘tdi.
Muftiy hazratning birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov qabul jarayonida yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarning oilaviy munosabatlar, xayriya va saxovat ishlarini tashkil etish, ijtimoiy ko‘mak olish, shuningdek, diniy-ma’rifiy masalalarga oid murojaatlarini tingladi.
Har bir murojaat mazmunan chuqur o‘rganilib, fuqarolarni qiziqtirgan savollarga asosli va batafsil javoblar berildi. Ayrim muammolar shu joyning o‘zida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish, tahlil va muvofiqlashtirish talab etiladigan masalalar tegishli bo‘limlar va mas’ul mutaxassislarga yo‘naltirilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.
Shu bilan birga, murojaatchilarga amaldagi qonunchilik hujjatlari, diniy-ma’rifiy me’yorlar va joriy tartiblar asosida huquqiy va amaliy tavsiyalar berildi. Bu esa fuqarolarning o‘z muammolariga to‘g‘ri yondashuvni shakllantirishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Fuqarolar qabul davomida inson qadrini ulug‘lash, aholi dardiga quloq tutish borasidagi bunday muloqotlarni yuqori baholab, minnatdorlik bildirishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati