Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kishi tongda o‘zining Qur’on virdini – u yod olish yoki tilovat qilish bo‘lsin hamda tongi zikrlarni aytishdan forig‘ bo‘lmagunicha aloqa vositalari, internet tarmoqlarini ochmaslikka o‘zini o‘rgatishi fiqhul avlaviyotdan hisoblanadi.
Chunki ushbu tonggi oraliq, fursat eng qadrli, ahamiyatli vaqtlardan bo‘lib, uni chalg‘itadigan, zehnini parishon qiladigan va vaqtini o‘g‘irlaydigan barcha narsadan chetlangan kishi uchun juda katta foydalar bo‘ladi.
Izoh: “Fiqhul avlaviyot” – ustun turadigan narsalar fiqhi yoki birlamchi masalalar fiqhi deganidir. Ya’ni, shariatda ustun turadigan narsalar fiqhiga nisbatan qo‘llaniladigan atama.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Allohning o‘z bandalaridan uyalishi nima ekanini bilasizmi?
Tavrotda aytilgan: “Gunoh qilishdan uyalgin, darhaqiqat, seni jazolashdan Men ham uyalaman”.
Shuningdek, yana ilohiy kitoblarning birida bunday deyilgan: “Bandam Menga bo‘lgan munosabatda adolatsizdir: Men uning so‘ragan narsasini rad qilishga uyalaman, holbuki, u itoatsizlik qilganida Mendan uyalmaydi ham”.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Haqiqatda Alloh eng hayoli, eng saxovatlidir. Qachonki bandasi nedir so‘rab iltijo bilan qo‘l ochib duo qilsa, Alloh bu duoga javob qilmaslikdan uyaladi” (Imom Bazzor rivoyati).
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.