Toshkent islom institutining 1-kurs talabasi Biloliddin Ibrohimjonov 30 pora Qur’oni karimni bir kunda yoddan o‘qib berdi.
Qur’oni karimni o‘qish jarayonini "Qur’on ilmlari" kafedrasi o‘qituvchilari Jahongir qori Ne’matov, Valixon qori Azimboyev, Abdulbosit qori Qobilov, Habibullo qori Olimjonov va boshqa ustoz hamda talabalar kuzatib bordilar.
Ushbu natijani taqdirlash uchun 5 dekabr kuni tadbir tashkil qilindi. Tadbirda Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov, prorektor Yoqubjon domla Buxorboyev, kafedra mudirlari Soatmurod domla Primov va Jahongir qori Ne’matov hamda institutning boshqa ustoz va talabalari ishtirok etishdi.
Toshkent islom instituti
Matbuot xizmati
Yurtimiz diniy soha vakillarining xorijda, xususan, Rossiya Federatsiyasida mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlari, ularning ijtimoiy-ma’naviy hayotidan xabar olish va diniy ehtiyojlarini qondirish borasidagi xayrli ishlari tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Safar dasturi doirasida Leningrad viloyati Kingisepp tumanida joylashgan "RENCONS Heavy Industries" kompaniyasida faoliyat yuritayotgan mingga yaqin vatandosh ishchi-xodimlar bilan birgalikda muborak juma namozi ado etildi. Namozdan so‘ng hamyurtlarimiz bilan samimiy suhbat qurilib, ularga musofirchilik odobi, halol mehnat va Vatan sog‘inchi haqida go‘zal mav’izalar qilindi.
Shuningdek, ishchi guruhning Kaliningrad shahriga tashrifi ham sermazmun uchrashuvlarga boy bo‘ldi. Jumladan:
Shahardagi mahalliy «Nur» musulmonlar diniy tashkilotida peshin namozidan so‘ng vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi;
Muhtasham «Ehson» jome masjidida shom namozi ado etilib, yig‘ilgan hamyurtlarimiz ishtirokida navbatdagi ma’rifiy suhbat o‘tkazildi. Unda musofir yurtda iymon-e’tiqod va milliy qadriyatlarni asrash, yot g‘oyalardan yiroq bo‘lish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Sankt-Peterburg shahrida turli sohalarda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan ham bir nechta manzillarda yuzma-yuz uchrashuvlar uyushtirildi. Uchrashuvlar davomida hamyurtlarimizni qiziqtirgan shar’iy savollarga batafsil javoblar berilib, ularning haqqiga, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Bu kabi jonli uchrashuvlar vatandoshlarimizga ulkan ma’naviy quvvat baxsh etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati