Bugun, 11 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida kasb-mahoratini oshirgan masjidlar muazzinlariga ijozat shahodatnomasi topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda taniqli ulamolar, tajribali imom-xatiblar, diniy ta’lim muassasalari ustoz-talabalari, malakali muazzinlar va mehnat faxriylari ishtirok etdi.
Tadbir Qur’oni karim qiroati va xayrli duolar bilan boshlandi.
Marosimda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zlab, keyingi yillarda mamlakatimizning barcha jabhalarida bo‘lgani kabi diniy-ma’rifiy sohada ham ko‘lamli islohotlar bo‘layotgani, Davlat Rahbari tomonidan sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida bugungi yuksalishlarga erishilayotgani haqida aytib o‘tdilar. Xususan, Diniy idora tomonidan yurtimiz masjidlarida yangrayotgan azon ohanglari yanada go‘zal bo‘lishi uchun sa’y-harakatlar olib borilayotganiga urg‘u berdilar.
So‘zga chiqqan Qur’on va tajvidni o‘rgatish bo‘limi boshlig‘i Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li Muftiy hazratlari tashabbusi bilan imom-xatiblar qiroatini yaxshilash va muazzinlarning azon aytishlarini chiroyli qilish bo‘yicha xayrli ishlar yo‘lga qo‘yilgani, bu borada mo‘tabar manbalar va zamonaviy usullar asosida o‘quv rejalari ishlab chiqilgani, qariyb besh yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida ikki mingdan ziyod muazzin uchun azon va iqoma bo‘yicha o‘quv seminarlar, onlayn va oflayn mashg‘ulotlar olib borilgani, mazkur amaliy mashg‘ulotlar davomida baholash mezonlariga ko‘ra saralab olingan 196 nafar muazzin maxsus o‘qitilgani, bugun ularning 70 nafardan ziyodiga ijozat shahodatnomalari berilayotgani haqida to‘xtaldi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga muazzinlarning malaka oshirish darslari jarayonlaridan videolavha namoyish etildi. Shuningdek, malakali muazzinlarning azon sadolari tinglandi.
Shundan so‘ng azon va iqoma aytish bo‘yicha ijozat shahodatnomalarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Muftiy hazratlari va Shayx Alijon qori tomonidan malaka oshirgan bir guruh muazzinlarga ijozat shahodatnomalari va kitoblar to‘plami topshirildi.
Shuningdek, Muftiy hazratlari tomonidan o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazishda jonbozlik ko‘rsatgan Shayx Alijon qori boshchiligidagi ustozlarga tashakkurnomalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Muharram oyining 1-kuni — 2026 yil 16 iyun, seshanba kuniga to‘g‘ri kelmoqda.
Muharram — hijriy taqvimning birinchi oyi bo‘lib, Qur’oni karimda zikr qilingan to‘rt ulug‘ va hurmatli oylardan biridir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yangi chiqqan oyni ko‘rganlarida shunday duo qilardilar:
اللَّهُمَّ أَهِلَّهُ عَلَيْنَا بِالْيُمْنِ وَالْإِيمَانِ وَالسَّلَامَةِ وَالْإِسْلَامِ رَبِّي وَرَبُّكَ اللهُ
O‘qilishi:
«Allohumma ahillahu alayna bil-yumni val-iymani, vas-salaamati val-Islami, Robbiy va Robbukalloh».
Ma’nosi:
«Ey Allohim! Bu oyni bizlarga baraka va imon, salomatlik va Islom oyi qilgin! Ey hilol, mening ham, sening ham Robbing Allohdir!»
Yangi 1448-hijriy yilda Alloh taolo xonadonlarimizga tinchlik va baraka, qalblarimizga mustahkam iymon bersin va hayotimizda bizni solih amallarga muvaffaq aylasin!
1448 hijriy yil — muborak bo‘lsin!
#hijriy_1448_yil #yangi_oy_e’loni #yangi_hijriy_yil
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati