O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov boshchiligida Diniy idoraning bir guruh vakillari Qatar davlatining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan Qatar mustaqilligi kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda qatnashdi.
O‘zbekiston va Qatar xalqlarini o‘zaro bog‘lab turuvchi tarixiy-madaniy rishtalar bugungi kunda keng ko‘lamli va uzoq muddatli aloqalarning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.
Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad al Soniy sa’y-harakatlari bilan so‘nggi yillarda Qatar Davlati keng qamrovli taraqqiyot borasida sifat jihatdan ulkan o‘zgarishlarga erishdi hamda strategik rejalashtirish va zamonaviy iqtisodiy boshqaruv sohalarida o‘rnak bo‘ladigan mamlakatga aylandi.
Bu yilgi bayramni Qatar davlati va uning fuqarolari "Qatar sizlar bilan yuksaladi va sizlardan kutadi" shiori ostida nishonlamoqda. Bu shior ham Qatar davlati amirining so‘zlaridan olingan. Qatar Milliy 2030 Rivojlanish Strategiyasi esa insonni taraqqiyot markaziga qo‘yib, uni oliy maqsad sifatida belgilagan.
Eslatib o‘tamiz, sal oldinroq Qatar elchixonasi tomonidan Islom sivilizatsiyasi markaziga bir qator kitoblar sovg‘a qilingan, o‘z navbatida mehmonlarga Markaz tomonidan Katta Langar Qur’onining faksimile nusxasi tuhfa etilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimi Hikmatulloh domla Abiyevga padari buzrukvorining vafoti munosabati bilan ta’ziya bildiradi.
Alloh taolo marhumning barcha solih amallarini husni qabul aylasin, jannati Firdavsdan joy ato qilsin, rahmatiga olsin.
Marhumning ahli bayti va yaqinlariga go‘zal sabr, sabrlariga ajrlar ato etsin. Musibatlari o‘rnini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun!
«Barchamiz Allohnikimiz va barchamiz U Zotga qaytamiz».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi