O‘zbekiston Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan ko‘plab sohalarda hamkorlik qilib keladi. So‘nggi yillarda bu davlat bilan xayriya yo‘nalishidagi aloqalar yanada rivojlanmoqda. Podshohlik har yili yurtimizga xurmo mevasi, oziq-ovqat mahsulotlari, Qur’on kitoblarini xayriya qilib keladi.
Bir muncha vaqt oldin Saudiya Arabistoni tomonidan “Vaqf” xayriya jamoat fondiga hadya qilingan Qur’on kitoblari kecha Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yetkazildi. Ta’kidlash joizki, har yili mazkur institutning “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursida minglab yurtdoshlarimiz ta’lim olib, muqaddas kitobni bemalol o‘qiydigan bo‘lib yetishadi. Taqdim etilayotgan bu Mus'haflar esa tinglovchilar uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi, deyish mumkin.
Jami olti ming dona Qur’on kitoblarini institut rahbariyati, talabalar xursandchilik bilan qabul qilib olishdi.
Alloh taolo yurtimiz diniy ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan mo‘min-musulmonlarning qilgan ehsonlarini O‘z dargohida qabul qilsin. Alloh barchalarimizni ilm ahliga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo‘lishimizni nasib aylasin.
Vaqf.uz
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.
Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati