Inson yer yuzidagi eng go‘zal yaratiq hisoblanadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan: “Batahqiq, Biz insonni eng yaxshi suratda yaratdik” (Tiyn surasi, 4-oyat).
Shunday ekan, nega zamon taraqqiy etgani sayin insonlar bir-birini yetarlicha qadrlamay qo‘ymoqda. Bari inson uchun xizmat qilishga yaratilgan boylik, tilla-temir va boshqa matohlar ba’zan insondan ko‘ra ko‘proq avaylab-asralmoqda. Bir chinni idishni avaylaganchalik bir ko‘ngilni avaylamaydigan nasllar paydo bo‘lyapti...
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari qalamiga mansub “Inson qadri” asarini o‘qir ekanman, shular haqida o‘yladim. Ushbu asar aziz va mukarram qilingan insonning qadr-qimmati bilan bog‘liq muammolar muolajasiga xizmat qiladi. Unda odamiylik fazilatlariga rioya qilish, inson sha’nini yuksaltirish, unga munosib ehtirom ko‘rsatish, yomon xulq va fitnalardan uzoq yurish yo‘l-yo‘riqlari ko‘rsatiladi.
Zero, bugun axborot to‘qnashuvi avj olgan, yer yuzining turli nuqtalari bir zumda aloqa bog‘lay oladigan bir paytda insoniyat nizo va mojarolar girdobida qolmoqda. Shunday ekan, hozirgi taraqqiyot davrida odamiylik mezonlariga rioya etish, o‘zaro ahillik muhiti yaratib, saodatli hayot kechirish yo‘lida ushbu asar ham bir mayoq vazifasini o‘taydi, inshoalloh.
“Inson qadri” kitobi har bir vatandoshimizga muborak va manfaatli bo‘lsin!
Akbarshoh Rasulov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV