Ahli sunna valjamoa aqidasiga ko‘ra Alloh taolo makondan pok deb e’tiqod qilinadi. Bu borada ahli sunna valjamoa imomlaridan naql qilingan ayrim jumlalar bilan tanishib olishimiz maqsadga muvofiqdir:
1. Hijriy 285 yilda vafot etgan Muhammad ibn Yazid al-Mubarrid "Al-Komil fil-lug‘oti val-adab" asarida keltirishicha, Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga bir kishi dedi: "Robbimiz osmonlar va yerni yaratishidan oldin qayerda edi?" Shunda Aliy roziyallohu anhu: "Qayerda? degan so‘z makon haqidagi so‘roqdir. Vaholanki, Alloh taolo makon mavjud bo‘lmaganda ham bor edi", dedilar.
2. Abu Muti’ al-Balxiy "Al-Fiqhul absat" kitobida aytadi: "Alloh taolo qayerda? deyilsa, nima deb javob berasiz? dedim. Shunda u zot (ya’ni, ustozim Abu Hanifa rohimahulloh): "Bunday savol bergan kishiga, Alloh taolo makon yo‘qligida ham bor edi, maxluqotlarni yaratishidan oldin ham U bor edi. Na qayer, na biror maxluq, na biror narsa vujudga kelmaganida ham Alloh taolo mavjud edi. U barcha narsaning yaratuvchisidir, deyiladi", dedilar".
3. Abu Hanifa rohimahulloh "Al-Olim val-muta’allim" kitobining xutbasida aytadilar: "U (ya’ni, Alloh taolo) azalda ham shunday bo‘lgan (ya’ni, barcha komillik sifatlari bilan sifatlanib, barcha aybu nuqsonlardan pok bo‘lgan). U hamisha azalda bo‘lganidek bo‘lib qoladi".
4. Imom Moturidiy rohimahulloh "Kitob at-tavhid" asarida aytadilar: "Bu borada asl qoida shuki, makon yo‘qligida ham Alloh taolo bor edi.Makonlarning yo‘qolishi ham, hozirgidek qolishi ham joiz. Alloh taolo esa (olamni, xususan, makonlarni yaratganidan keyin ham) azaliy sifatlariga ko‘radir, azalda ham hozirda (biz Alloh taoloni unga ko‘ra tanigan) sifatlariga ko‘ra bo‘lgan. U o‘zgarishdan, zavolga uchrashdan, muhollik va botillikdan oliydir. Zero, bular (ya’ni, o‘zgarish va zavolga uchrash) olamning keyin paydo bo‘lganligi u orqali bilingan yaratilganlik belgilaridir".
5. Imom Moturidiy rohimahulloh "Ta’vilot al-Qur’on" asarida aytadilar: "Balki, makon yo‘qligida ham U (Alloh taolo) bor edi. Bas, U azaliy sifatlariga ko‘radir, U muhollik va o‘zgarishdan oliydir".
Alloh taolo barchamizni O‘zi haqidagi to‘g‘ri e’tiqodda sobit qadam qilsin!
Mir Arab oliy madrasasi katta o‘qituvchisi
Asrorxon Mahmudov tayyorladi
00:00 Xabarlar
00:56 “Network News Pakistan”: 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi
01:25 “Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan
01:57 Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi
04:45 Toshkentda Malayziya xalqaro halol ko‘rgazmasi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda
05:20 Har bir xonadonga bayramona kayfiyat kirib bormoqda
06:00 Istiqlol shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda
06:34 Xonadonlarga mehr, ko‘ngillarga umid ulashib...
07:08 Bir guruh imom-xatiblar Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lishdi
07:43 Xorazmda yangi o‘quv yili oldidan xayriya tadbiri o‘tkazildi
#yangiliklar
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
ISHONCHLI VA RASMIY MANBA
YouTube | Instagram | Facebook