Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan V yoshlar Para Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, tarixiy natija qayd etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi O‘zbekistonga qaytib keldi.
Delegatsiya a’zolari "Humo" Toshkent xalqaro aeroportida rasmiylar tomonidan tantanali ravishda kutib olindi.
Poytaxtimizdagi Olimpiya shaharchasida V yoshlar Para Osiyo o‘yinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan sportchilar va ularning murabbiylarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbir avvalida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining V yoshlar Para Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
Shundan so‘ng davlatimiz madhiyasi ijro etildi va rasmiylar tomonidan sportchilar va murabbiylar erishilgan ulkan g‘alaba bilan samimiy tabriklanib, ularning jasorati, matonati va fidoyiligi yuksak e’tirof etildi.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston terma jamoasi ushbu nufuzli musobaqada 99 ta oltin, 57 ta kumush va 41 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, 35 ta davlat orasida umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.
Mazkur g‘alaba Yangi O‘zbekiston yoshlarining salohiyati, irodasi va xalqaro sport maydonidagi nufuzini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati
Muqaddas Haj ibodatini ulug‘ vazifalar va go‘zal amallar bilan ado etgan qashqadaryolik ziyoratchilarning dastlabki guruhlari yurtimizga sog‘-omon yetib kelishdi. Islom arkonlarini bajarib, yuzlarida nur, qalblarida shukronalik bilan qaytgan hojilarni xalqaro aeroportda ularning yaqinlari, keng jamoatchilik vakillari va nuroniylar katta xursandchilik bilan samimiy kutib oldilar.
Muqaddas zamindan qaytgan ziyoratchilar Haj safari davomida qalblaridan kechgan unutilmas ma’naviy kechinmalari va taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar. Hojilar tashkiliy ishlarning yuqori darajada bo‘lganini, ziyoratchilarga ko‘rsatilgan alohida g‘amxo‘rlik va yaratilgan shart-sharoitlar uchun davlatimiz rahbariga hamda soha mutasaddilariga o‘zlarining cheksiz minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Kamol hoji bobo To‘rayev, ziyoratchi: — Muqaddas Ka’batulloh poyida turib, qalbimizdagi eng ezgu tilaklar qatorida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va diyorimiz osoyishtaligini so‘rab duolar qildik. Mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotgan Yurtboshimizning sog‘liq-omonliklarini, boshlagan xayrli va islohotli ishlariga Yaratgandan ulkan zafarlar tiladik. Ko‘rsatilgan e’tibordan boshimiz ko‘kka yetdi.
Madinai munavvara va makkai mukarramadagi tabarruk maskanlarda, xususan, Arafot va Mino vodiylarida qilingan duolarda yurt tinchligi va el osoyishtaligi bosh mavzu bo‘lgan.
Qashqadaryolik hojilarning tinch-omon qaytib kelishi nafaqat ularning oila a’zolari, balki butun viloyat ahli uchun katta ma’naviy quvonch baxsh etdi.
Alloh taolo barcha hojilarimizning hajlarini mabrur, duolarini mustajob aylasin!
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati