Farg‘ona viloyatida «Vaqf» xayriya jamoat fondining viloyat filiali tomonidan ikki yuzga yaqin ehtiyojmand oilalar uchun xayriya tadbirlari tashkil etildi. Bu jarayonda kam ta’minlangan oilalarga ko‘mir, issiq kiyim-kechak, poyabzal, elektr isitgichlar, oziq-ovqat mahsulotlari va uy-ro‘zg‘or uchun maishiy texnikalar taqdim etildi. Shuningdek, homiylarimiz tomonidan boquvchisi yo‘q oilalarda voyaga yetayotgan bolajonlarga to‘kin dasturxon yozilib, kabobxo‘rlik tashkil etildi.
Qish mavsumida yangi poliz mahsulotlari va sarxil mevalar, issiq kiyimlar, ayniqsa sovuq kunlarda asqatadigan ko‘mir bilan ehtiyojmand oilalarga iliqlik ulashgan, ularni xursand qilgan barcha homiylardan, saxovatpesha fuqarolarimizdan Alloh rozi bo‘lsin.
Xayriya tadbirlarining yuqori tashkilotchilik va mehr-muruvvat bilan o‘tkazilishiga o‘z hissasini qo‘shgan barcha ishtirokchilar, ko‘ngillilarni O‘zi ulkan ajr-savoblar bilan mukofotlasin!
Vaqf.uz
Bugun, 16 iyun kuni poytaxtimizda start olgan «Investitsiyalar barqarorligi: yangi ufqlar, yangi hamkorliklar» mavzusidagi Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida «Toshkent» zalida muhim panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
«Islomiy moliya va sukuk bozorlari: Ko‘rfaz kapitalini rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga yo‘naltirish» mavzusiga bag‘ishlangan ushbu sessiyada xalqaro va mahalliy ekspertlar, moliyaviy tashkilotlar va davlat sektori vakillari ishtirok etdi.
Bugungi kunda jahon islomiy moliya bozorining hajmi 3 trillion AQSH dollaridan oshib ulgurdi. Sessiya davomida islomiy moliyaning asosiy vositalari hisoblangan sukuk (islomiy obligatsiyalar), takaful (islomiy sug‘urta) va shariat tamoyillariga muvofiq bo‘lgan boshqa moliyaviy tuzilmalar rivojlanayotgan bozorlar, xususan, O‘zbekiston iqtisodiyoti va infratuzilma loyihalariga suveren kapitalni jalb qilishda qanday rol o‘ynashi mumkinligi atroflicha tahlil qilindi.
Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakili Xusan Xasanov moderatorlik qilgan davra suhbatida yangi moliyaviy mahsulotlar dizaynini yaratish, milliy qonunchilik va tartibga solish tizimini xalqaro shariat standartlari bilan uyg‘unlashtirish hamda yangi emissiyalarga institutsional investorlarning talabini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Panel sessiyasida sohaning nufuzli ma’ruzachilari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov, "AD Wealth" boshqaruvchi sherigi Alisher Jumanov, "IMAN" bosh ijrochi direktori Rustam Raxmatov, Ruminiyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Ramona Menesku hamda O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi vitse-prezidenti Salome Svanadze o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Ekspertlarning firicha, O‘zbekistonda islomiy moliya ekotizimining rivojlanishi Ko‘rfaz mamlakatlaridan yirik investitsiya oqimlarini jalb qilish va mamlakatda tadbirkorlik sohasini moliyalashtirishning muqobil manbalarini yaratishda yangi ufqlarni ochib beradi.
Forum doirasidagi muhokamalar va sho‘ba majlislari davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati