Qiyin vaziyatlarga tushib qolganda yordam beradigan odam bo‘lsa, bu siz uchun bebaho in’omdir. Biz ko‘pincha eng qiyin damlarda yonimizda qoladigan odamlarning borligini yoki qadrini sezmaymiz. Ular qo‘limizdan tutib, bizni qo‘llab-quvvatlab, o‘zimizga ishonmay qolsak ham, hammasi yaxshi bo‘lishiga bizni ishontirib, dalda bergan bo‘lishadi.
O‘zaro munosabatlarning haqiqiy kuchi aynan shunday paytlarda qiyin bo‘lganda namoyon bo‘ladi. Demak, muhabbat nafaqat quvonchli damlarda birga quvonish, balki har qanday sinovdan o‘tishda yelkadosh bo‘lish, matonat va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdir. Bu so‘z bilan o‘lchanmaydigan, balki harakatlarda namoyon bo‘ladigan haqiqiy hissiyotdir. Xo‘sh, sizning ana shunday bebaho yaqinlaringiz bormi? Bor bo‘lsa, hayotdagi mayda muammolar oldida hecham g‘am yemang. Bilsangiz, siz eng baxtiyor bandalardan ekansiz!..
Akbarshoh Rasulov
“Erkagu ayol, kim mo‘min holida solih amal qilsa, Biz unga yaxshi hayot kechirtiramiz va, albatta, ularni qilib yurgan amallarining eng go‘zaliga beriladigan ajr ila mukofotlarmiz” (Nahl surasi, 97-oyat).
Qur’oni karimning 70 dan ortiq oyatida “solih amal” iborasi zikr etilgan.
Solih amal faqatgina namoz, ro‘za, haj yoki umra emas. Insonlarni yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish, yo‘ldan zarar berishi mumkin bo‘lgan narsani chetga olib tashlash, hatto tabassum qilish ham yaxshi – solih amaldir. Ammo afsuski, bunday amallarga beparvo qaraymiz.
Shunday ekan, amal daftaringizni savobga to‘ldiradigan solih amallar katta yoki kichik bo‘lsin, ularni har kuni, har yerda qilishga intiling.
Davron NURMUHAMMAD