Qiyin vaziyatlarga tushib qolganda yordam beradigan odam bo‘lsa, bu siz uchun bebaho in’omdir. Biz ko‘pincha eng qiyin damlarda yonimizda qoladigan odamlarning borligini yoki qadrini sezmaymiz. Ular qo‘limizdan tutib, bizni qo‘llab-quvvatlab, o‘zimizga ishonmay qolsak ham, hammasi yaxshi bo‘lishiga bizni ishontirib, dalda bergan bo‘lishadi.
O‘zaro munosabatlarning haqiqiy kuchi aynan shunday paytlarda qiyin bo‘lganda namoyon bo‘ladi. Demak, muhabbat nafaqat quvonchli damlarda birga quvonish, balki har qanday sinovdan o‘tishda yelkadosh bo‘lish, matonat va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdir. Bu so‘z bilan o‘lchanmaydigan, balki harakatlarda namoyon bo‘ladigan haqiqiy hissiyotdir. Xo‘sh, sizning ana shunday bebaho yaqinlaringiz bormi? Bor bo‘lsa, hayotdagi mayda muammolar oldida hecham g‘am yemang. Bilsangiz, siz eng baxtiyor bandalardan ekansiz!..
Akbarshoh Rasulov
Joriy yil 11 aprel kuni poytaxtimizdagi «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» majmuasida u kishi tavalludining 74 yilligiga bag‘ishlangan «Yoshlarga sof Islom ma’rifatini tanitish va ularni yot g‘oyalar ta’siridan asrashda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf asarlarining o‘rni» mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda yurtimizning taniqli ulamolari, fan doktorlari, islomshunos tadqiqodchilar, Shayx hazratning yaqinlari, shogirdlari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan notiqlar Shayx hazratlarining yurtimizda diniy-ma’rifiy bilimlarni yuksaltirish, ummatni birlik va hamjihatlikka chorlash hamda tafriqaga barham berish yo‘lidagi ulkan xizmatlarini alohida e’tirof etdi.
Ta’kidlanganidek, Shayx hazrat qoldirgan boy ilmiy maktab va bebaho asarlar bugungi kunda yosh avlodni sog‘lom e’tiqod, vatanparvarlik va mo‘tadillik ruhida tarbiyalashda asosiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ma’rifiy tadbir doirasida ekstremizmga qarshi ma’rifat bilan kurashish va tinchlikni asrashga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Anjuman ishtirokchilari tomonidan o‘zbek, turk, ingliz, arab va rus tillarida taqdim etilgan maqolalar jamlangan maxsus ilmiy to‘plam nashr etilishi rejalashtirilgan.
Bu kabi anjumanlar Shayx hazratlarining merosini zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitgan holda xalqimizga yetkazish va jamiyatda ma’naviy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati