O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti birinchi mintaqaviy hudud 21-son jazoni ijro etish koloniyasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Ey bandalarim...” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Toshkent viloyati Zangiota tumani «Al-Imon» jome masjidi imom-xatibi Farrux domla Sultonov qatnashib, kitobning mazmun mohiyatini yig‘ilganlarga tushuntirib berdi.
1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Surxondaryo viloyati vakili o‘rinbosari Abduhalil domla Abdunazarov, bilim yurti rahbariyati, «Vaqf» xayriya jamoat fondi viloyat filiali mutasaddilari hamda pedagog xodimlar ishtirok etdi.
Tadbirda ustozlik kasbining sharafi, yosh avlodga diniy va dunyoviy ilmlarni o‘rgatish yo‘lidagi fidokorona mehnatning ahamiyati alohida e’tirof etildi.
Bayram munosabati bilan ustoz va xodimlar moddiy va ma’naviy rag‘batlantirildi:
5 nafar faol ustozga jami 25 million so‘m (har biriga 5 million so‘mdan) moddiy yordam ko‘rsatildi;
31 nafar ustoz va ishchi-xodimga bayram oziq-ovqat jamlanmalari topshirildi.
Bunday e’tibor va e’zoz soha xodimlarining mehnatini munosib qadrlash hamda ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati