Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Jamiyatda insonlarning aksariyati bolalarni chetga surishadi. Aytaylik, ular biror narsa sotib olmoqchi yoki sotmoqchi bo‘lishsa, sotuvchi ham, sotib oluvchi ham ularga e’tibor bermaydi. Hech kim ularga ahamiyat bermaydi, go‘yoki ularning qo‘lidan hech qanday ish kelmaydi. Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har bir bolaga alohida ahamiyat berardilar.
Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga suv keltirishdi. U zot alayhissalom undan ichdilar. Nabiy alayhissalomning o‘ng tomonlarida 10 yoshli Ibn Abbos, chap tomonlarida esa Abu Bakr Siddiq va yana boshqa katta sahobalar roziyallohu anhum o‘tirishgan edi. Aslida ichimlik ichishni o‘ng tomondan boshlash sunnat sanaladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ibn Abbos roziyallohu anhuga qarab: "Buni Abu Bakrga uzatishimga izn berasanmi?" deb ruxsat so‘radilar. 10 yashar Ibn Abbos roziyallohu anhu: "Hargiz unday qila olmayman. Sizdan bo‘lgan nasibamni biror kishiga ravo ko‘rmayman. Men Sizdan keyin ichishni istayman", dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak qo‘llarini bolakayning qo‘liga qo‘yib, bu narsa uning haqqi ekanini bildirib qo‘ydilar. Ya’ni bolakay yosh bo‘lishiga qaramay o‘z navbatida suv ichdi.
Davomi bor...
Davron NURMUHAMMAD