"Kelajak uchun" istiqbolli tashabbuslar forumi qizg‘in pallaga kirdi. O‘tgan qisqa davrda kelajakuchun.gov.uz platformasiga fuqarolardan 100 dan ortiq takliflar kelib tushdi.
Ular orasida tadbirkorlik, raqamli texnologiyalar, energetika, tibbiyot va ta’lim, ekologiya, suv xo‘jaligi, sud-huquq sohalari bo‘yicha qiziqarli g‘oyalar bor.
Misol uchun, qashqadaryolik fuqaro A.J. "aqlli" havo tozalovchi panel yaratish va uni havo sifati yomonlashgan shaharlarda o‘rnatish taklifini yuborgan.
Navoiylik yurtdoshimiz N.H. paxta va g‘alladan kam hosil beradigan yerlarda tez o‘suvchi yog‘ochbop daraxt plantatsiyalarini tashkil qilish loyihasini ilgari surgan. Uning fikricha, bu orqali daromadni 5 barobargacha oshirish, tomchilatib sug‘orish orqali suv sarfini 5 barobarga kamaytirish mumkin.
Bunday qiziqarli g‘oya va tashabbuslar ko‘p.
Eslatib o‘tamiz, forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 iyuldagi "Islohotlarni amalga oshirishda istiqbolli tashabbuslarni yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoniga muvofiq o‘tkazilmoqda.
Ya’ni, barcha jarayonlar ishonchli va tizimli tashkil etilgan. Xususan, One ID orqali ro‘yxatdan o‘tishning ahamiyati shundaki, tashabbus egasining mualliflik huquqi ta’minlanadi.
Forumda g‘olib deb topilgan loyihalar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimot qilinadi;
moliyalashtiriladi va tijoratlashtiriladi;
butun respublikada joriy qilinadi.
Tashabbus mualliflari:
o‘z salohiyatini yuzaga chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
istiqbolli kadrlar ro‘yxatiga kiritiladi;
10 – 50 million so‘m miqdorida pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Forumga tashabbuslar yo‘llash davom etmoqda. Hech bir fikr e’tibordan chetda qolmaydi. Forumda qatnashing. Batafsil kelajakuchun.gov.uz saytida tanishing.
Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.
Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.
Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati