Farg‘ona viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatiblar ishtirokida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari qalamiga mansub “Inson qadri” nomli asarning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Alisher domla Naimov, shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari, shuningdek, masjidlarda faoliyat olib borayotgan imom-domlalar ishtirok etdilar.
Taqdimot davomida asarning mazmun-mohiyati, unda ko‘tarilgan dolzarb mavzular hamda kitobning bugungi jamiyat hayotidagi ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritildi. So‘zga chiqqanlar kitobda inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va burchlarini anglash, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik kabi insoniy fazilatlar chuqur va ta’sirchan tarzda yoritilganini ta’kidladilar.
Shuningdek, ishtirokchilar “Inson qadri” asari imom-xatiblar uchun ma’naviy-ma’rifiy faoliyatda muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishi, aholi bilan muloqotda, jamoatchilik orasida sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishda keng foydalanish mumkin bo‘lgan manba ekanini qayd etdilar.
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati