Ayni qish-qirovli kunlarda "Vaqf" xayriya jamoat fondining Farg‘ona viloyati filiali tomonidan homiylarni jalb qilgan holda ko‘plab xayriya tadbirlari tashkil etilmoqda. Xususan, fond xodimlari g‘ayratli volontyorlar bilan birga ijtimoiy himoyaga muhtoj 100 ta oilalaga himmatli xalqimiz ehson qilgan ko‘mir, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa uy-ro‘zg‘orga zarur buyumlarni xonadonlariga yetkazishdi.
Alloh taolo saxovatli xalqimiz va muqarrab duogo‘ylarimizdan rozi bo‘lsin!
Vaqf.uz
Yurtimiz diniy soha vakillarining xorijda, xususan, Rossiya Federatsiyasida mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlari, ularning ijtimoiy-ma’naviy hayotidan xabar olish va diniy ehtiyojlarini qondirish borasidagi xayrli ishlari tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Safar dasturi doirasida Leningrad viloyati Kingisepp tumanida joylashgan "RENCONS Heavy Industries" kompaniyasida faoliyat yuritayotgan mingga yaqin vatandosh ishchi-xodimlar bilan birgalikda muborak juma namozi ado etildi. Namozdan so‘ng hamyurtlarimiz bilan samimiy suhbat qurilib, ularga musofirchilik odobi, halol mehnat va Vatan sog‘inchi haqida go‘zal mav’izalar qilindi.
Shuningdek, ishchi guruhning Kaliningrad shahriga tashrifi ham sermazmun uchrashuvlarga boy bo‘ldi. Jumladan:
Shahardagi mahalliy «Nur» musulmonlar diniy tashkilotida peshin namozidan so‘ng vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi;
Muhtasham «Ehson» jome masjidida shom namozi ado etilib, yig‘ilgan hamyurtlarimiz ishtirokida navbatdagi ma’rifiy suhbat o‘tkazildi. Unda musofir yurtda iymon-e’tiqod va milliy qadriyatlarni asrash, yot g‘oyalardan yiroq bo‘lish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Sankt-Peterburg shahrida turli sohalarda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan ham bir nechta manzillarda yuzma-yuz uchrashuvlar uyushtirildi. Uchrashuvlar davomida hamyurtlarimizni qiziqtirgan shar’iy savollarga batafsil javoblar berilib, ularning haqqiga, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Bu kabi jonli uchrashuvlar vatandoshlarimizga ulkan ma’naviy quvvat baxsh etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati