4 yanvar kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdullohxon domla Samatov va Kosonsoy tumanida faoliyat yuritayotgan imomlar ishtirokida diniy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan kosonsoylik talaba-yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida ilm-ma’rifatning ahamiyati, shuningdek, yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va bilimli avlodni tarbiyalash borasida davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar xususida fikr almashildi. Talabalarga ta’limni yakunlagandan so‘ng o‘z tumanlarida masjid va mahallalarda imom-xatib, imom-noib hamda otinoyi sifatida xizmat qilishlari muhim ekani ta’kidlandi.
Abdullohxon domla yoshlarni ota-ona va ustozlar ishonchini oqlab, yurt va xalq manfaati yo‘lida fidokorona xizmat qilishga chorladi. Uchrashuv yakunida talabalarga o‘qishlarida muvaffaqiyat tilab duolar qilindi.
Shuningdek, homiylar ko‘magida 3 nafar talabaga o‘quv shartnoma uchun sertifikatlar topshirildi. Barcha ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari va hadiyalar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati