Otalarni bekorga “davlatim” demaymiz. Ular bor ekan, hayotda o‘z o‘rnimizni topamiz. Otalar biz yaxshi o‘qishimiz uchun qo‘llaridan nima kelsa, qiladi. O‘z oyoq kiyimlari yirtilib qolsa yamab kiyar, lekin bizga yangisini olib beradi. Ishlari yurishmay sal pul topishlari kamayib qolsa, siqiladi, lekin buni bizga bildirmaydi.
Bolaligimizda-chi! Biz yosh bola bo‘lib, “uni olib bering, buni olib bering”, desak, ko‘nglimizga qarashadi. Tirnoqlarimiz, sochlarimizni olib qo‘yadilar.
Halqimizda “Ota rozi – Xudo rozi”, degan maqol bor. Hayot bo‘lgan otalarimizni qadrlaylik, o‘tib ketgan bo‘lsalar, Alloh rahmat qilsin. Bir gap – ular hatto o‘tgan bo‘lsalar ham bizning davlatlarimiz ekan.
Ey umrim javhari, davlatim otam,
Dillari quyoshdir, mehribon otam,
Sizga izdoshdirman to umrim qadar,
Boshimda doimiy soyabon otam.
Bu dunyo sinovli yolg‘onchi go‘yo,
O‘tgaydur umrlar misoli daryo,
Do‘st degan ulfatim bo‘lsa-da ammo,
Bo‘lolmas siz kabi qadrdon, otam.
Akbarshoh RASULOV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining barchasi ish bilan ta’minlanadi hamda ilmiy tadqiqotlarini davom ettirishni istaganlarga ham munosib imkoniyatlar beriladi.
Shu ana’naga muvofiq, Toshkent islom institutining ilk magistratura bosqichini tamomlagan 10 nafar bitiruvchining barchasi yuz foiz ish bilan ta’minlandi va ilmiy ishlarini davom ettirishlari uchun turli takliflar bildirildi.
Xususan, bitiruvchilar Fatvo markazi, Diniy idoraning hududlardagi markaziy vakilliklari va ilmiy-tadqiqot markazlarida mutaxassis, shuningdek, oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida o‘qituvchi sifatida faoliyat boshlaydi.
Ushbu iqtidorli magistrlar kelgusida ilmiy faoliyatlarini ham davom ettiradi. Xususan, umumiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan 3 nafar magistr Toshkent islom institutida ochilishi reja qilingan doktorantura bosqichiga imtiyozli qabul qilinishi aytildi. Shuningdek, ilk magistrlarni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining doktorantura ta’lim bosqichiga maqsadli qabul qilish taklifi ham bildirildi.
Ta’kidlash joizki, raqamli texnologiyalar, xorijiy tillar va chuqur diniy-ilmiy bilimga ega ushbu yuqori malakali kadrlar soha rivoji va aholining diniy-ma’rifiy savodxonligini oshirishga munosib hissa qo‘shadi, insho Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati