I.To‘ychiyev, Farg‘ona viloyati "Burhoniddin Marg‘iloniy" masjidi imom-xatibi
Joriy yilning 27 iyun kuni Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazida “Tamaddun” loyihasi qo‘shma dasturi asosida respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Toshkent islom instituti, Imom Moturudiy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Mir Arab Oliy madrasasi, Jo‘ybori kalon ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti va Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti xodimlari va mutaxasislar ishtirok etdilar.
Konferensiyada radikalizm, takfiriy guruhlar va yot fikriy talqinlarga qarshi kurashda sof Naqshbandiylik tariqati, Moturidiylik aqidasi va Hanafiylik mazhabining o‘rni beqiyos ekanligi alohida qayd etildi.
Ishtirokchilar tasavvuf aslo boqimondalik emasligini, aksincha, sovet davrida insonlarni materialistik hayotga moslashtirish uchun ataylab soxta tariqatchilik g‘oyalari yoyilganini tarixiy dalillar bilan ko‘rsatdilar.
Diniy qadriyatlarni tiklash va bag‘rikenglikni mustahkamlashni maqsad qilgan ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston ulamolari bilan bir qatorda xorijlik olimlar, jumladan, Buxoro davlat universiteti professori Ayman Usmon Ash-Shuray’iy va Turkiyaning Dicle universiteti xodimi Mustafa Alagözoğlu ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Konferensiya yakunida bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda bir qator amaliy takliflar ilgari surildi. Jumladan, sof Naqshbandiylik manbalarini aks ettiruvchi maxsus raqamli platformalarni ishlab chiqish va diniy ta’lim muassasalari dasturlariga tasavvuf fanlarini chuqurlashtirilgan holda kiritish lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, yoshlar o‘rtasida mehnatsevarlikni targ‘ib qilish maqsadida “Dast ba koru dil ba yor” (Qo‘ling ishda, qalbing Allohda bo‘lsin) shiori ostida yashab o‘tgan Naqshbandiya ulamolarining hayot yo‘lini tizimli ravishda o‘rgatishga katta e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.