Mazkur tadbir yosh soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda zarur tavsiyalar berish hamda kasbiy faoliyatlarini yanada takomillashtirish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvda Namangan viloyat bosh imom-xatibi Abdulloh domla Samatov ishtirok etib, o‘z nutqlarida yurtimizda yoshlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, shuningdek, soha xodimlarining bilim va mahoratini muntazam oshirib borishi, zamonaviy ilm-fan va axborot texnologiyalarini chuqur egallashi muhim ekanini ta’kidladilar.
Shuningdek, peshvolik mas’uliyati, mav’iza qilish odob-axloqi, belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy rioya etish, din va xalq manfaatlari yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilish lozimligi alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida yosh soha xodimlariga kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilab, doimiy izlanish va o‘z ustida ishlash kasbiy kamolotning muhim omili ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.
YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.
YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.
Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati