Yangi O‘zbekistonda yosh avlodni jismoniy va ma’naviy sog‘lom, ona Vatanga fidoyi va jonkuyar insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, shonli tariximizdan ibrat olib, undan faxrlanib yashashlari uchun barcha kuch va imkoniyatimizni to‘liq safarbar etamiz.
Shavkat MIRZIYOЕV
Vatan – din, millat, elat, boylik, nasab, yosh, rang, joy tanlamaydigan va had-chegara bilmas ajib tuyg‘u. Vatan – eng ko‘p qalamga olingan, sir-sinoatli, serqirra va serjilo tushunchadir. Vatani bor inson baxtli, Vatani yo‘q inson esa baxtsizdir. Kindik qonimiz to‘kilgan va bir umr yashaydigan yurtimiz bizga taqdir qilingan Vatandir.
Vatan himoyasi yo‘lida uxlamasdan poyloqchilik qilgan ko‘z egasini do‘zax otashi kuydirmaydi. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ikki ko‘z egasini do‘zax otashi kuydirmas. Biri Allohdan qo‘rqib yig‘lagan, ikkinchisi, Alloh yo‘lida poyloqchilik qilib uxlamagan kishi”, deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Shuningdek, Vatan himoyasi faqat harbiylarning ishi emas, balki shu zaminda yashayotgan barcha fuqarolar – o‘qituvchi yoki shifokor bo‘ladimi, tadbirkor yoxud xizmatchi bo‘ladimi – hamma o‘z Vatanini himoya qilishi kerak. “Himoya qilish” deganda faqat qurol bilan emas, kerak bo‘lsa, so‘z bilan g‘animlarga raddiya berish orqali Vatanga tosh otuvchi va ig‘vogarlarga qarshi kurash orqali inson o‘z yurtini, millatini, xalqini himoya qiladi.
Ammo Vatan himoyachisi bo‘lish yanada sharafli burchdir. Kindik qoni to‘kilgan Vatanni, shu mustaqil yurtni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash inson uchun go‘yo o‘z oilasini, sha’nini, nomusini, iymon-e’tiqodini himoya qilish kabidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Molini, jonini, dinini va ahlini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan kishi shahid maqomidadir”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati). Hadisda keltirilgan mol, jon, din va oila kishi hayotining mazmuni, uning Vatanini ifoda etadi.
Darhaqiqat, bunday kishiga shahidlik martabasi berilishi bejiz emas. Chunki u inson uchun eng aziz bo‘lgan narsani himoya qilishni maqsad qilgan. Aks holda uning sha’ni va g‘ururi toptalgan bo‘lur edi.
Xar bir insonning Vatan oldida bir necha burch va vazifalari bor:
– madaniy va ma’naviy merosni asrab-avaylash, uni o‘rganish, o‘rgatish va kelajak avlodga yetkazish;
– tabiatni muhofaza qilish;
– Vatanni tashki va ichki dushmanlardan himoya qilish;
– o‘z ona tilini saqlash;
– Vatan rivoji yo‘lida aqliy, jismoniy va moddiy imkoniyatlarni sarf qilish;
– bor imkoniyatni safarbar qilib, ichki fitna va nizolarning oldini olish (chunki fitna-fasod aholini parokanda qiluvchi eng katta balodir);
– aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida Vatan qadrini yuksaltirish va har bir fuqaro qalbida Vatanga muhabbat hissini oshirish;
– vatandoshlar bilan chiroyli munosabatda bo‘lish, kelajak avlod tarbiyasi
yo‘lida qo‘lidan kelgan barcha imkoniyatlarni safarbar qilish.
Ona Vatan himoyasi mavzusida so‘z borar ekan, Temur Malik, buyuk sarkarda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi ulug‘ yurtparvarlar, Vatan ozodligi yo‘lida qo‘lida tig‘ ila jon bergan Shayx Najmiddin Kubro, Vatan hajri va dog‘ida yonib o‘tgan Bobur Mirzolar ibrati beixtiyor ko‘z oldimizga keladi.
Buyuk davlat arbobi va sarkarda, sohibqiron Amir Temurning naqadar buyuk vatanparvar bo‘lganini tarix juda yaxshi biladi. Ulug‘larimiz ta’kidlaganidek: “Millat g‘amida yongan, uning istiqboli va istiqloli yo‘lida fidokorlik ko‘rsatib yashagan arbobni kelajak va tarix hech qachon unutmaydi.
Alloh taolo mustaqil yurtimiz sarhadlarini sergaklik bilan qo‘riqlayotgan Vatan himoyachilarini o‘z panohida asrab, aziz diyorimiz osmonini musaffo, Vatanimiz tinchligini barqaror va xalqimiz hayotini bundan ham farovon aylasin.
Odiljon NARZULLAYEV,
Yangiyo‘l tumani «Qirsadaq» jome masjidi imom-xatibi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati