Sehrgar aslo baxtli hayot kechirmaydi. U insonlarning eng baxtsizidir. Sehrgar Qur’oni karimni eshitishni yomon ko‘radi va azondan qo‘rqadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, unga torchilik hayoti bo‘lur va qiyomat kuni uni ko‘r holida tiriltirurmiz” (Toha surasi, 124-oyat).
Sehrgar imkon qadar odamlardan uzoqda yashaydi, ular bilan muomala qilishni istamaydi. U kechasi tinch uxlamaydi, tongda xursand bo‘lib uyg‘onmaydi. Tunlarini isiriqlar, qorong‘u joylarda shirk amallari bilan o‘tkazadi.
Sehrgarning har bir gunoh amali o‘ziga ham, uning huzuriga kelganlarga ham uradi. Alloh taolo: “Yer yuzida mutakabbirlik va yomon makr uchun (qildilar). Yomon makr esa, faqat o‘z egasiga qaytadir” (Fotir surasi, 43-oyat).
Sehrgar hech qachon va hech qayerda yutuqqa ham, baxtga ham erishmaydi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Sehrgar qayerda bo‘lsa ham, zafar topmas” (Toho surasi, 69-oyat).
Imom Qurtubiy rahimahulloh aytadilar: “Sehrgar yer yuzining qayeriga borsa ham najot topmaydi”.
Sehrgar Allohga kufr keltirgani uchun uning barcha amallari habata (behuda) bo‘ladi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Batahqiq, senga va sendan oldin o‘tganlarga ham: “Agar shirk keltirsang, albatta, amaling behuda ketur va, albatta, ziyonkorlardan bo‘lursan. Yo‘q! Allohgagina ibodat qil va shukr etguvchilardan bo‘l!” deb vahiy qilingan» (Zumar surasi, 65-oyat).
Sehrgarga do‘zax va’da qilingan bo‘lsa, uning oldiga borib, undan nimani umid qilish mumkin?! U insonlarning eng baxtsizi bo‘lsa, qanday qilib undan baxt so‘rash mumkin?!
Davron NURMUHAMMAD
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida «Inson qadri ulug‘langan yurtda mehr va e’tibor har bir xonadonga kirib boradi» shiori ostida xayrli tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tashabbusga Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, bosh imom-xatib Rahmatillo domla Usmonov boshchilik qildi.
Tadbir doirasida shahar va tuman bosh imom-xatiblari hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va bemor fuqarolarning xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Samimiy muloqotlar davomida fuqarolarning hol-ahvoli va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga ma’naviy dalda berildi. Xonadon egalariga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari, ehson va sovg‘a-salomlar topshirildi.
Shuningdek, imom-xatiblar yurtdoshlarimiz bilan oila mustahkamligi, o‘zaro mehr-oqibat, sabr-qanoat hamda saxovatning fazilatlari haqida diniy-ma’rifiy suhbatlar olib bordilar. Bu kabi xayriya tadbirlari jamiyatda hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga, odamlar qalbida ertangi kunga ishonch uyg‘otishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati