Shu yil 13 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi va Malayziyaning Al-Buxoriy xalqaro universiteti hamkorligida bir guruh yoshlar Malayziyada ta’lim oladigan bo‘lishdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasida bo‘lib o‘tgan marosimda Diniy idora rahbariyati nomidan rais o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov so‘zga chiqib, xorijga otlanayotgan yoshlarga maslahatlar berib, muvaffaqiyat tilab, haqlariga duolar qildi. Ularga ona Vatanni qadrlashga undovchi, ma’naviyatni oshiruvchi adabiyotlar va bukletlar hadya qilindi.
Tadbirda talabalar va ularning ota-onalari shunday sharoitlar qilib bergani uchun davlatimiz Rahbariga va tashkilotchilarga minnatdorlik bildirishdi. Yoshlar kelgusida astoydil ta’lim olib, bildirilgan ishonchni oqlashga, malakali mutaxassis bo‘lib, yurtimiz koriga yarashga va’da berishdi.
Xalqaro universitetda o‘qish baxtiga muyassar bo‘lganlar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan Malayziyaga kuzatildi.
Ma’lumot o‘rnida, Al-Buxoriy xalqaro universiteti bugungi kunda dunyoning 60 dan ortiq mamlakatidan kelgan 1500 ga yaqin talabaga biznes boshqaruvi, xalqaro aloqalar, iqtisodiyot, islom moliyasi, pedagogika kabi yo‘nalishlarda ta’lim berib kelmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugun, 13 mart kuni juma namozini Toshkent viloyati Qibray tumani “Baytqo‘rg‘on” jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga muborak oyning oxirgi dahasini g‘animat bilish, bu damlardan unumli foydalanib qolish borasida go‘zal suhbat qilib berdilar.
Alloh taolo oxirgi o‘n kunlikni o‘ziga xos fazilat va lutfu ehsoni bilan sharafli qilganki, bunga boshqa kun va oylarda yetishishning iloji yo‘q. Payg‘ambarimiz alayhissalom ham boshqa oylarda qilmagan ba’zi amallarni shu oyda qilganlar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ushbu oxirgi o‘n kunlikda ibodatlarga yanada jiddu jahd bilan kirishish, vaqtni g‘animat bilish, Qadr kechasini izlash kabi amallarni sanab o‘tar ekan, ayniqsa, Qadr kechasida qilingan solih amal boshqa ming oyda qilingan amaldan yaxshiroq bo‘lishini oyati karima bilan keltirib o‘tdilar. Zero, Alloh taolo Qadr surasining 3-oyatida “Qadr kechasi ming oydan ham yaxshiroqdir” deb marhamat qilgan.
Ma’ruzada jamiyatdagi birlik, inoqlik, o‘zaro yordam va muhabbat asosida qarindoshlarga yaxshilik qilish yotishi ta’kidlandi. O‘zaro arazlashganlar bo‘lsa yarashishga chaqirildi.
Shuningdek, bu yilgi Ramazon oyi o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki ruhda o‘tayotgani, buning asosiy sababi – Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan keng ko‘lamli xayriya va ijtimoiy ko‘mak tadbirlarining amalga oshirilayotgani ekani e’tirof etildi.
Manfaatli suhbat so‘ngida Alloh taolo barchamizni ushbu g‘animat damlardan unumli foydalanib, O‘zining roziligiga erishadigan bandalaridan qilishini so‘rab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati