Yangiliklar
Hududlarda otinoyilarning bilim va malakasi oshirilmoqda
16.04.2026
3933
1 min.
Mamlakatimizning turli hududlarida, xususan, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlarida otinoyilarning kasbiy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan tizimli o‘quv seminarlari va treninglar yuqori saviyada davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari, viloyat bosh imom-xatiblari va soha olimlari ishtirokida o‘tayotgan ushbu mashg‘ulotlarda asosiy e’tibor otinoyilar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish hamda ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilmoqda.
Seminarlar davomida ishtirokchilar bilan jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, oilaviy qadriyatlarni asrash, yoshlar tarbiyasi hamda bid’at va xurofotlarga qarshi ma’rifat bilan kurashish kabi dolzarb mavzularda qizg‘in muloqotlar olib borilmoqda.
Ayniqsa, islom shariatidagi fiqhiy atamalar tasnifi, ayollarning huquq va burchlari, qaynona-kelin munosabatlari hamda mahalliy urf-odatlarni to‘g‘ri talqin qilish masalalari ma’ruzalarning asosiy mavzusiga aylandi.
Bu kabi o‘quvlar otinoyilarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini baholash bilan birga, aholi orasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
MА`LUMOTNI IJTIMOIY TАRMOQLАRDА ULАSHING