frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Halol mehnat qadri

16.01.2026   8690   3 min.
Halol mehnat qadri

Bugungi kunda aksariyat yoshlar oson daromad topish ilinjida “treyding” (moliyaviy aksiyalar, valyuta, tovarlar bilan faol savdo qilish, foyda olish) sohasiga qiziqishmoqda. Ular: “Telefon yoki kompyuter oldida bir necha soat o‘tirib, katta daromad olish mumkin”, degan soxta xabarlarga ishonib qolishyapti.

Albatta, ijtimoiy tarmoqlarda “bir oyda 10 barobar boyigan” yoki “kuniga 500 dollar topadigan” “treyderlar” haqidagi videolar ko‘p uchraydi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, ushbu roliklarning aksariyati marketing maqsadida yaratiladi. Maqsad – yoshlar o‘rtasida tez boyish haqida noto‘g‘ri tasavvurni paydo qilish.

Endi o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, agar kimdir oson pul topayotgan bo‘lsa, nega u vaqt sarflab “pullik darslar” o‘tkazadi? Nega “sanoqli joy qoldi, chegirma narxida ulgurib qoling!” degan e’lonlar tarqatadi? Aslida bularning barchasi guruhlarga ko‘proq odam to‘plash va ular orqali daromad olish maqsadida qilinadi.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “O‘lchov va vaznni adolat bilan to‘la beringiz! Odamlarning Halol mehnat qadri narsalarini urib qolmangiz…” (Hud surasi, 85-oyat).

Ushbu oyati karima insonni har qanday iqtisodiy yoki tijorat ishlarida halol bo‘lishga chaqiradi. Afsuski, yoshlar qiziqayotgan treyding faoliyati esa mazkur tamoyilga umuman mos kelmaydi.

Aksariyat yoshlar bilan suhbatlashsangiz, ular bunday javob berishadi: “YouTube’da ko‘rdim, ishim to‘g‘ri ekan”. Internetdagi ko‘plab video-materiallar ma’lum bir toifa manfaati yo‘lida tayyorlanishini yoki tarjima qilinishini unutmaslik kerak. Shuning uchun bunday ma’lumotlarga ishonib ketaverish yaramaydi.

Bir qo‘shnimizning o‘g‘li to‘rt yil Turkiyada mehnat qildi. Ishdan bo‘sh vaqtlarida treyding bilan qiziqib, dastlab ancha pul ishlagan. Bir muddat o‘zini boy his etgan. So‘ng ma’lum muddat o‘tgach, barcha mablag‘ini shu sohaga sarflab, hammasidan ayriladi. E’tibor bering-a, u to‘rt yil mehnat qilib topgan pulini bir necha soat ichida yo‘q qildi.

Shunday ekan, umrimiz, mehnatimiz va qo‘lga kiritgan mol-mulkimizni asrab-avaylashimiz, yaxshi kunlarimizga ishlatishimiz lozim. Zero, haqiqiy boylik – bilim va mehnat ortidan kelgan boylikdir. Xalqimiz: “Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik”, deb bejiz aytmagan. Halol mehnat orqali topilgan rizq barakali bo‘ladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Qiyomat kunida bandaning qadami to to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan jilmaydi: umrini qanday o‘tkazgani, yoshligida nima qilgani, molini qayerdan topib, nimaga sarflagani, ilmiga qay darajada amal qilgani haqida” (Imom Termiziy rivoyati).

Shuning uchun har qanday tijorat yoki moliyaviy faoliyatni boshlashdan oldin ishimizning shariatga mosligini aniqlab olishimiz lozim. Bu borada yurtimiz ulamolaridan, masjidlarning imomlaridan maslahat so‘rash – eng to‘g‘ri yo‘ldir. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin, rizqimizni halol va barakali qilsin!

Husniddin SADRIDDINOV

“Islom nuri” gazetasining 2025 yil 23-sonidan

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muruvvatli bo‘lish — oliy fazilat va insoniy burchdir

18.09.2026   20099   1 min.
Muruvvatli bo‘lish — oliy fazilat va insoniy burchdir

Bugun, 18 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari davomida Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jome masjidida juma namozini ado etdilar.

Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga “Muruvvatli bo‘lish — oliy fazilat!” mavzusida manfaatli ma’ruza qilib berdilar.

Ma’ruzada ta’kidlanganidek, muruvvat — mehr-shafqat, saxovat va muhtojlarga yordam berish kabi eng go‘zal insoniy fazilatlardan sanaladi. O‘zini saxovatli deb bilgan inson o‘z manfaatini o‘zgalardan ustun qo‘ymasligi, keksalar holidan xabar olishi, yiqilganni suyash orqali qalban xotirjamlik topadi.

Shuningdek, bugungi tezkor zamonda bir-birimizga bag‘rikeng bo‘lish jamiyatda tinchlik, baraka hamda hamjihatlikni barqaror qilishi, ushbu oliy fazilatni o‘zimizda shakllantirib, farzandlarimizga meros qoldirish har birimizning burchimiz ekanligi alohida uqtirildi.

Fayzli suhbat yakunida yurtimizga tinchlik-omonlik va xonadonlarimizga baraka tilab xayrli duolar qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari