Cavol: Ehromdagi erkakning oyoq kiyimi qanday bo‘lishi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Erkak kishi ehrom vaqtida ikki oyog‘iga “to‘piq”larini yopmaydigan, ulardan past bo‘lgan oyoq kiyimni kiyadi. Fiqhiy manbalarda tahoratga doir hukmlarda kelishicha to‘piq deganda oyoqning ikki yonidan bo‘rtib chiqqan suyak tushiniladi. Haj va umra masalasida esa, to‘piq deb oyoq yuzasidagi poyafzal ipi bog‘lanadigan joydagi bo‘g‘im tushuniladi. Bu bo‘g‘im fan tilida (beshta uzunchoq) oyoq kaft suyaklari va (ponasimon va kubsimon) kaft usti suyaklari birlashgan joydir. Shunday ekan ehromdagi kishi ana shu bo‘g‘im ochiq turadigan oyoq kiyimlarni kiyishi kerak.
Bu borada “Fatovoi Hindiya” kitobida shunday deyilgan:
وَلَا يَلْبَسُ مَخِيطًا قَمِيصًا أَوْ قَبَاءً أَوْ سَرَاوِيلَ أَوْ عِمَامَةً أَوْ قَلَنْسُوَةً أَوْ خُفًّا إلَّا أَنْ يَقْطَعَ الْخُفَّ أَسْفَلَ مِنْ الْكَعْبَيْنِ ، كَذَا فِي فَتَاوَى قَاضِي خَانْ وَالْكَعْبُ هُنَا الْمَفْصِلُ الَّذِي فِي وَسْطِ الْقَدَمِ عِنْدَ مَعْقِدِ الشِّرَاكِ كَذَا فِي التَّبْيِينِ.
“Ehromdagi erkak kishi ko‘ylak, chakmon, shim, salla, do‘ppi, maxsiga o‘xshash tikilgan kiyimlar kiymaydi. Ammo mahsi to‘piqni pastidan kesilgan bo‘lsa, uni kiyish joiz. “To‘piq” deb bu joyda (ya’ni ehrom masalasida) oyoqni ustki qismidagi ip bog‘laydigan joydagi bo‘g‘im nazarda tutiladi. “Tabyin” kitobda shunday kelgan”.
Ushbu masalada “Muhitul Burhoniy” kitobida bunday deyilgan:
وتعتبر الكعب هنا العظم المربع في وسط القدم عند معقد الشراك
“To‘piq” bu yerda (ehrom masalasida) qadamni ustki qismidagi ip bog‘laydigan joydagi kubsimon suyak qismidir, deyilgan.
Muhaqqiq olim, alloma Muhammad Amin Ibn Obidin rahmatullohi alayh bu borada shunday deganlar:
وَإِذَا كَانَ وَجْهُهَا أَوْ وَجْهُ الْبَابُوجِ طَوِيلًا ، بِحَيْثُ يَسْتُرُ الْكَعْبَ الَّذِي فِي وَسَطِ الْقَدَمِ يَقْطَعُ الزَّائِدَ السَّاتِرَ أَوْ يَحْشُو فِي دَاخِلِهِ خِرْقَةً بِحَيْثُ تَمْنَعُ دُخُولَ الْقَدَمِ كُلِّهَا وَلَا يَصِلُ وَجْهُهُ إلَى الْكَعْبِ رد المحتار
ya’ni: “Agar ehromdagi kishining oyoq kiyimi yuzasi uzun bo‘lib, oyoq yuzasidagi to‘piqni (ip bog‘laydigan joydagi bo‘g‘imni) berkitib qo‘ysa, to‘piqni berkitib turgan qismini kesib olib tashlanadi yoki oyoq kiyimni ichiga biror narsa joylanadi. Shunda oyoq to‘liq kirmaydi va to‘piq ochiq qoladi" (“Raddul muhtor” kitobi).
Agar ehromdagi kishi tikilgan kiyim yoki to‘pig‘ini yopuvchi oyoq kiyimni kamida bir kunduz yoki bir kecha (ya’ni, 12 soat) to‘liq kiyib yursa, Haram chegarasida bitta qo‘y so‘yishi vojib bo‘ladi. U yerda mablag‘i bo‘lmagan kishi uyiga kelganidan keyin bo‘lsada bir qo‘yning qiymatini Haramga jonliq so‘yish uchun jo‘natadi. Agar bir kunduz yoki bir kechadan kam muddat tikilgan kiyim yoki to‘pig‘ini yopuvchi oyoq kiyimini kiysa, ikki kilogramm bug‘doy qiymaticha pul sadaqa qilishi vojib bo‘ladi.
Bu haqda “Javharotun-nayyiro” kitobida shunday deyiladi:
وَلَوْ لَبِسَ اللِّبَاسَ كُلَّهَا مِنْ قَمِيصٍ وَقَبَاءٍ وَسَرَاوِيلَ وَخُفَّيْنِ يَوْمًا كَامِلًا يَلْزَمُهُ دَمٌ وَاحِدٌ ؛ لِأَنَّهَا مِنْ جِنْسٍ وَاحِدٍ فَصَارَ كَجِنَايَةٍ وَاحِدَةٍ وَكَذَا لَوْ دَامَ أَيَّامًا لِمَا ذَكَرْنَا
“Agar hamma kiyimlarni: ko‘ylak, qubo (to‘n), shim yoki mahsini bir kunduz (yoki bir kecha) to‘liq kiyib yursa, bitta qo‘y so‘yishi vojib bo‘ladi. Chunki bu jinoyatlarning jinsi bitta, bitta jinoyat qilgandek bo‘ladi. Jinsi bittaligi sababli shu kiyimlarni bir necha kun kiyib yursa ham, bitta qo‘y so‘yadi”.
Hozirgi kunda ehromdagi hojilar kiyadigan aksariyat shippaklar yuqoridagi talablarga javob beradi. Lekin ehromdagilar gohida oyoq kaftining yuz qismini to‘liq yopadigan shippaklarni kiyishi ham uchrab turadi. Amallarimiz hanafiy ulamolarning fatvolariga muvofiq kelishi uchun esa mana shunday shippaklardan foydalanmaslik kerak bo‘ladi.
Shuni ham ta’kidlaymizki, hozirgacha yuqoridagi masalaga amal qila olmagan holda umra yoki hajni ado etgan kishilarga hech qanday gunohkorlik va jarimalar yuklanmaydi. Chunki ular o‘z davrlaridagi fatvolarga amal qilganlar. Qolaversa, mashhur shar’iy qoidaga ko‘ra, omma xalqning tutgan yo‘li ularga fatvo bergan ulamoning yo‘lidir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi 7 avgust kuni Makka shahridagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda 133 davlatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida boshlandi.
IQNA "Minbar" gazetasiga tayanib xabar berishicha, Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi bir kun avval Makkadagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda boshlangan va final bosqichini Masjidul Haromda o‘tkazish uchun zamin tayyorlagan.
Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning saralash bosqichida hakamlar hay’atlari eng yuqori aniqlik va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda, Qur’on tilovati uslublari va qoidalariga ixtisoslashgan taniqli xalqaro hakamlar guruhi nazorati ostida erkak va ayol ishtirokchilarning chiqishlarini tinglab, final bosqichiga kimlar o‘tishini aniqladi.
Tanlovning joriy bosqichi 133 mamlakatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida o‘tkazilmoqda, ular besh toifa: "Shatibiya" usuli bo‘yicha yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.
Vazirlik ushbu global qur’oniy tadbirning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun elektron hakamlik tizimini joriy etish, ishtirokchilarni baholashda adolat va aniqlikni ta’minlash uchun tashkiliy va keng qamrovli platformani yaratish, shuningdek, ularga turli xil xizmatlarni taqdim etish kabi barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi.
Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro musobaqa dunyodagi eng yirik Qur’on musobaqalaridan biri hisoblanib, uning umumiy pul mukofotlari miqdori 10 million saudiya rialidan oshadi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati