O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan xatmi Qur’on tadbirlarining saviyasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, Ramazon arafasida qorilarni saralash, ularning xatmi Qur’on tadbirlariga tayyorgarlik darajasini aniqlash maqsadida suhbatlar tashkil qilish an’anaga aylandi.
Bugun 19 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limida Ramazon oyida Respublika hududidagi masjidlarda xatm qiladigan qorilarni suhbatdan o‘tkazish Hay’ati yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Bo‘lim boshlig‘i Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar domla Kamolov raisligida o‘tgan ushbu yig‘ilishda ustoz qorilardan iborat Hay’at a’zolari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda Ramazon oyiga munosib tayyorgarlik ko‘rish, xususan, masjidlardagi xatmi Qur’on tadbirlarida qatnashadigan qorilarni suhbatdan o‘tkazish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi "Kulol-Qo‘rg‘on" jome masjidi imom noibi Bahodir domla Muhammadiyev O‘zbekiston – Buyuk Britaniya hamkorligida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya doirasidagi «Buyuk xizmat – Oliy sharaf» ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovida g‘olib deb topildi.
Imom-domlamizning ilmiy faoliyati, ta’lim sohasidagi tashabbuslari hamda fidokorona mehnatlari yuqori baholanib, u kishi «Buyuk xizmat – Oliy sharaf» xalqaro esdalik va sharaf nishonlari hamda maxsus guvohnoma bilan taqdirlandilar.
Bahodir domlani ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy qutlaymiz!
Alloh taolo domlamizning ilmlarini bundan-da ziyoda qilsin, dinimiz va el-yurtimiz rivoji yo‘lidagi ijodiy va ilmiy faoliyatlariga baraka bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati