Inson hayoti doimiy harakat, qaror va tanlovlardan iborat. Bu yo‘lda inson o‘zini oqlab yashashi ham, o‘zini tarbiyalab, kamolga intilishi ham mumkin. Shuning uchun ham aql egalari har kuni o‘zini taftish qilib turishni hayot qoidasiga aylantirgan. O‘zingizni taftish qilish — bu o‘zgani ayblash emas, balki o‘z qalbingizga rost qarashdir. Nima ish qildim? Qanday so‘z aytdim? Birovning haqqiga xiyonat qilmadimmi? Birovning ko‘nglini og‘ritmadimmi? Mana shu savollar insonni to‘g‘ri yo‘lda ushlab turadi.
Islom ta’limotida ham nafsni hisobga tortish ulug‘ amal sifatida ta’kidlangan. Hazrati Umar roziyallohu anhu: «Hisobga tortilmasdan oldin o‘zingizni hisobga torting», deganlar. Bu gap tasodifiy emas. Chunki o‘zini taftish qilgan inson xatosini vaqtida anglaydi, pushaymon bo‘ladi va tuzatishga harakat qiladi.
Agar inson o‘zini tekshirmasa, kamchilikni faqat boshqalardan qidiradi. Bunday holat esa kibr, g‘urur va adovatga olib boradi. Holbuki, jamiyatdagi ko‘p muammolarning ildizi ham aynan o‘z-o‘zini nazorat qilmaslikdan kelib chiqadi.
O‘zingizni taftish qilishning eng qulay payti — kun oxiri. Kechqurun bir oz to‘xtab, uxlashga shoshilmasdan, o‘tgan kunni taftishdan o‘tkazing. Yaxshi amallar uchun shukr qiling, xato va kamchiliklar uchun istig‘for ayting. Shu oddiy odat insonni ma’nan poklaydi, qalbni yumshatadi.
Shuningdek, o‘zingizni taftish qilish atrofdagilarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki o‘zini nazorat qilgan odam so‘ziga ehtiyot bo‘ladi, adolatli ish tutadi, mas’uliyatni his qiladi. Bunday inson oilada ham, jamoada ham ishonchli bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, o‘zingizni taftish qilib turish — o‘zingizdan kamchilik izlash emas, balki kamolga, xatolarni kamaytirishga intilishdir. Bu odat insonni xato yo‘ldan qaytaradi, vijdonni uyg‘oq qiladi va oxirat uchun ham, dunyo uchun ham manfaatli bo‘ladi.
Akbarshoh Rasulov
Ilmga qiziqish, avvalo, manbaga murojaat qilishdan boshlanadi. Tarixni chuqur anglash esa uni kitob, qo‘lyozma va ishonchli ilmiy manbalar orqali o‘rganishni talab etadi. Yangi o‘quv yilini yangi bilim va katta maqsadlar bilan boshlagan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 1 bosqich talabalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Talabalar tashrifni, dastlab Markazning kutubxonasi bilan tanishishdan boshladi.
Bu yerda ular ilmiy izlanish uchun muhim bo‘lgan adabiyotlar, tarixiy manbalar va turli yo‘nalishlardagi ilmiy nashrlar bilan tanishdi. Kutubxona nafaqat kitoblar jamlangan maskan, balki tadqiqotchi uchun zarur bo‘lgan bilim va manbalarni bir joyga jamlovchi muhim ilmiy-ma’rifiy makon sifatida namoyon bo‘ldi.
Ayniqsa, islom tarixi, madaniyati, ilm-fani va ajdodlarimizning ilmiy merosini o‘rganayotgan yoshlar uchun bunday muhitning ahamiyati katta. Chunki auditoriyada o‘rganilgan bilimni mustahkamlash, mavzu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot izlash va ilmiy izlanish olib borishda manba bilan ishlash ko‘nikmasi muhim o‘rin tutadi.
Mazkur tashrif yoshlar uchun navbatdagi ekskursiya emas, balki tarix, ilm-fan va milliy o‘zlik bilan bevosita yuzma-yuz kelish imkonini bergan muhim ma’rifiy uchrashuv bo‘ldi.
Institutning bo‘lajak islomshunoslari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markazning boy ekspozitsiyalari orqali O‘zbekiston hududida qadimdan shakllangan sivilizatsiya jarayonlari, islom madaniyatining rivojlanishi, buyuk allomalarimizning ilmiy merosi hamda ajdodlarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan yaqindan tanishdilar.
Markazning Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, ilm-fan va ma’rifat taraqqiyotiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalari talabalar e’tiborini tortdi.
Tarixiy manbalar, noyob qo‘lyozmalar, qadimiy ashyolar va zamonaviy muzey texnologiyalari uyg‘unligi orqali namoyish etilgan ma’lumotlar yoshlarning o‘tmish haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi.
Bu yerda ular Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi bilan bog‘liq ma’lumotlarni ko‘zdan kechirdilar.
Ayniqsa, bir vaqtlar shu zaminlarda yaratilgan ilmiy kashfiyotlar bugungi zamonaviy fanlarning shakllanishida qanday ahamiyat kasb etgani talabalar uchun qiziqarli bo‘ldi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olayotgan yoshlar uchun bunday maskanning ahamiyati, tabiiyki, yanada katta. Chunki ular o‘zlari o‘rganayotgan diniy-ilmiy merosning tarixiy ildizlarini nafaqat kitoblardan, balki Markaz ekspozitsiyalarida bevosita ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.
Talabalarning fikricha, Markazdagi eng muhim jihatlardan biri — tarixning oddiy sanalar va voqealar ketma-ketligi sifatida emas, balki ilm-fan, tafakkur va insoniyat taraqqiyoti bilan bog‘liq yaxlit jarayon sifatida namoyish etilganidir.
“Bu yerda ajdodlarimizning ilm-fanga qo‘shgan hissasini ko‘rib, ular bilan faxrlanish tuyg‘usi yanada kuchaydi. Ayniqsa, islom dini rivoji bilan birga ilm-ma’rifat ham yuksalib borganini ko‘rish biz uchun juda katta taassurot qoldirdi”, — deydi institutning 1-bosqich talabalaridan biri.
Yoshlar Markazning kutubxona faoliyati bilan ham tanishdilar. Bu yerda jamlangan ilmiy adabiyotlar, tarixiy manbalar va tadqiqotlar bo‘lajak mutaxassislarning kelgusidagi ta’lim va ilmiy izlanishlari uchun muhim manba bo‘lishi ta’kidlandi.
Tashrif davomida talabalar uchun Markazning faqat tarixiy merosni namoyish etuvchi maskan emas, balki ilmiy izlanish, ma’rifat va zamonaviy tafakkur uyg‘unlashgan muhim platforma ekanligi yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.
Talabalar Markaz bilan tanishish jarayonida o‘zlari tahsil olayotgan soha — islomshunoslikning qanchalik katta ilmiy meros va tarixiy mas’uliyat bilan bog‘liqligini ham chuqurroq his etdilar.
Shu ma’noda, yangi o‘quv yilining dastlabki kunlarida tashkil etilgan mazkur tashrif talabalar uchun yangi bilimlar sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi ushbu ma’rifiy tashrif esa bo‘lajak islomshunoslar uchun yangi o‘quv yilini tarix saboqlari, ilmga qiziqish va katta maqsadlar bilan boshlashga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati