O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, besh respublika muftiysi
(muftiylik yillari: 1989–1993)
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1952 yil Andijon viloyatida tavallud topgan. 1989 yil O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy, SSSR Oliy Kengashi deputati etib saylangan.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning xizmatlari:
• 1989 yil O‘zbekiston hukumati qarori bilan Toshkentdagi tarix muzeyida saqlanayotgan Usmon mus'hafi Diniy idoraga topshirildi;
• 1990 yil Markaziy Osiyo respublikalaridan 500 nafar musulmon Toshkent shahridan hajga jo‘nadi. Bu paytgacha sobiq ittifoqdagi barcha respublikalaridan 20-30 kishigina hajga yuborilar edi;
• Saudiya Arabistonidagi «Islom olami robitasi» rahbariyati bilan muzokaralar natijasida sobiq ittifoq musulmonlariga 1 000 000 dona mus'haf hadya qilindi;
• Ramazon va Qurbon hayitlari O‘zbekiston Respublikasida bayram va dam olish kunlari deb e’lon qilinib, davlat miqyosida keng nishonlanadigan bo‘ldi;
• 1991 yilda Namanganda “Mulla Qirg‘iz” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi tashkil etildi;
• 1992 yilda Buxoroda “Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar, Qashqadaryoda “Xoja Buxoriy”, Xorazmda “Faxriddin ar-Roziy”, Qoraqalpog‘istonda “Muhammad al-Beruniy”, Andijonda “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari tashkil etildi.
Xalqaro tashkilotlar a’zoligi:
• Islom olami Robitasi ta’sis majlisi (Makka shahri);
• Butun dunyo mutafakkir ulamolari yig‘inining ijroiya qo‘mitasi (Makka shahri);
• Butun jahon musulmon ulamolari xalqaro uyushmasi;
• Butunjahon islomiy xalq boshqaruvining bosh kotibiyati;
• Butun jahon tasavvuf uyushmasi;
• Butun dunyo da’vat uyushmasi;
• Butun dunyo masjidlar uyushmasi;
• Butun dunyo Islom uyushmasi (Islomobod shahri);
• Oli Bayt «Islomiy tafakkur» qirollik akademiyasi (Iordaniya).
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tafsir, hadis, aqoid, fiqh, tasavvuf, tarix va boshqa ilmlarga doir yuzdan ortiq asarlar muallifi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 2015 yili Toshkent shahrida vafot etdi.
2023 yil 27 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni bilan mukofotlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Birlashgan Arab Amirliklari Islom ishlari va vaqflar bosh boshqarmasi hamkorligida o‘zbekistonlik imom-xatiblar uchun BAAda malaka oshirish o‘quvlari boshlandi. Bu haqda mazkur jarayonda ishtirok etayotgan Masjidlar bilan ishlash bo‘limi xabar berdi.
Mazkur o‘quv kurslarining asosiy maqsadi ikki qardosh mamlakat diniy soha vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or ma’rifiy yondashuvlar, zamonaviy ish usullari hamda dolzarb diniy-ijtimoiy masalalar yuzasidan fikr almashishdan iboratdir.
Safar doirasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ilmiy-amaliy mashg‘ulot davlatchilik asoslari, bag‘rikenglik madaniyati va zamonaviy diniy-ijtimoiy yondashuvlar mavzusiga bag‘ishlandi. Unda BAAning taraqqiyot yo‘li, qonun ustuvorligi va jamiyat barqarorligida «vasatiyya» (mo‘tadillik) tamoyilining o‘rni muhimligi ta’kidlandi. 200 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv istiqomat qilayotgan ushbu mamlakatda inson qadri va o‘zaro hurmat asosiy mezon ekaniga urg‘u berildi.
O‘z navbatida, BAA tomoni O‘zbekistonning boy sivilizatsiyasi va dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini yuksak ehtirom bilan tilga oldi.
Malaka oshirish jarayonida ishtirokchilar masjidlar faoliyatini tashkil etish, jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash, xususan, ma’ruza va suhbatlarni zamonaviy axborot texnologiyalari — interaktiv taqdimotlar va proyektorlar orqali ko‘rgazmali yetkazish bo‘yicha ilg‘or amaliyotlar bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Tadbir davomida BAA rahbariyatining global miqyosdagi insonparvarlik va xayriya tashabbuslari ham alohida e’tirof etilib, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan mazkur manfaatli safarni tashkil etgan mutasaddilarga samimiy minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati