Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Sentabr, 2026   |   5 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:44
Quyosh
06:04
Peshin
12:18
Asr
16:41
Shom
18:35
Xufton
19:51
Bismillah
16 Sentabr, 2026, 5 Rabi`us soni, 1448

Hayotimiz to‘kin, lekin oqibatimiz kam

22.01.2026   11280   3 min.
Hayotimiz to‘kin, lekin oqibatimiz kam

Oilada biz otamning oldida hech qachon oyoq uzatib o‘tirmasdik. Dasturxonga kattalardan oldin qo‘l cho‘zmasdik. Uydagi gapni ko‘chaga chiqarmasdik. Mahalladagi hasharlarga qatnashardik. O‘zgalarning mushkulini oson qilishga intilardik. Xullas, ota-onam bizni andishali va jonkuyar qilib tarbiyalagandi.
 

Afsuski, bugun oramizdan bu fazilatlar ko‘tarilib borayotgandek. 


Bir kuni mahalla idorasida o‘tirsam, “Qizim bilan kuyovim til biriktirib, mulkimni olish uchun shikoyat qilib yozib yurishibdi”, deydi bir qiynalgan otaxon. “O‘g‘lim uydan chiqarib yuboraman”, deyapti, deya arz qildi mushtipar ona. “Akam bilan tomorqa ustida kelisholmayapmiz”, deya nolidi bir yosh yigit. Bu gaplarni eshitib, dilim og‘ridi. To‘g‘ri, har bir nizoni qonuniy hal qilish chorasi bor, ammo inson ko‘nglining o‘rtasiga tushib, istiholayu insofni o‘rgatib bo‘larmikin?! Ota-onani, yaqinlarini zor qaqshatayotgan kimsalarda iymon, insof, andisha bormikin?! Faqat o‘zini o‘ylab, zarracha birovga yaxshilik qilmasa, ertaga oxiratda qanday javob berarkin?


Darhaqiqat, bugun odamlar orasidan mehr-oqibat, hayo ko‘tarilib boryapti. Buning ortidan odob-axloq me’yorlariga ham darz ketyapti. O‘zgalarga yaxshilik qilish, ko‘maklashish o‘rniga loqaydlik illati ortib, samimiy munosabatlar yo‘qolyapti. Nafs, mol-dunyo insoniylik ustidan g‘olib bo‘lmoqda. Oqibatda kishilarning bir-biriga firib berishi oddiy holga aylanyapti.


Ayrimlarga e’tibor bersak, tilida Xudo deydi, hatto ibodatlar qiladi.


Ammo dili mol-dunyoyu hashamat va boshqa orzu-havaslar bilan to‘la. Insonlarga yaxshilik ulashish, o‘zgalarning mushkulini oson qilish kabi ezguliklar xayoliga ham kelmaydi.


Yaqinda Qur’oni karimda bir oyatni o‘qib qoldim: “Erkakmi yo ayolmi, kimda-kim mo‘min holida biron yaxshi amal qilsa, biz unga pokiza hayot ato etamiz. Ularni o‘zlari qilib o‘tgan chiroyli amallari sababli beriladigan ajr-savoblar bilan mukofotlaymiz”, deya marhamat qilingan (Nahl surasi, 97-oyat).


Bolalagimni yaxshi eslayman. Otalarimiz qishloqda kimdir hashar qilsa yoki yordamga muhtoj bo‘lsa, ularga ko‘mak berishga shoshilardi. Qo‘ni-qo‘shni, butun mahalla bir tanu jon edi. Urush-janjal, yeru suv talash bo‘lganini bilmayman. Hamma bir-biriga samimiy edi. U davrlarda hozirgidek to‘kinchilik bo‘lmasa-da, odamlarning nazari to‘q, qanoatli edi. O‘ylab ko‘rsam, otalarimiz yuqoridagi oyatga amal qilib, bir-biriga yaxshilik ulashib yashagan ekanlar. Shuning uchun ham ular orasida mehr-oqibat kuchli bo‘lgan.


Bugun biz ham otalarimizga munosib avlod bo‘lishga intilib, boshqalarga yaxshiliklar ulashib yashaylikki, zora yana oramizga mehr-oqibat qaytsa. 


Mardiqul SIDDIQOV,
Xatirchi tumani (B. Muhammad uyushtirdi).

“Islom nuri” gazetasining 2025 yil 24-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalq qabulxonasi vakillari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

16.09.2026   1838   1 min.
Xalq qabulxonasi vakillari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasida aholi bilan muloqot tizimini takomillashtirish va murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar bevosita hamda masofaviy tarzda ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov kirish so‘zi bilan ochib, fuqarolarning murojaatlariga yuksak hurmat bilan qarash va ularning dardiga oqilona yechim topish har bir rahbar hamda xodimning nafaqat vazifasi, balki oliy insoniy burchi ekanini alohida ta’kidladi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasining mas’ul vakillari – Davlat tashkilotlari tomonidan murojaatlar ko‘rib chiqilishini nazorat qilish sho‘basi bosh inspektori Saidakmal Xodjayev hamda sho‘ba yetakchi inspektori Rashid Kurganov ishtirok etib, tizimdagi holatni qonunchilik talablari asosida atroflicha tahlil qilib berdilar.

Soha mas’ul mutaxassislari tomonidan ayni yo‘nalishdagi Prezident Farmoni ijrosi doirasida murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonuniylik va tezkorlikni ta’minlash, jarayon shaffofligini oshirish hamda murojaatlarni nazoratdan olishning mexanizmlarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Ochiq muloqot ruhida o‘tgan mazkur tadbir tizim xodimlarining murojaatlar bilan ishlash madaniyati va huquqiy savodxonligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Amaliy tahlillarga boy bo‘lgan ushbu seminar fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish hamda xalqimizning diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash yo‘lidagi muhim va tizimli qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Xalq qabulxonasi vakillari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi Xalq qabulxonasi vakillari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi
O'zbekiston yangiliklari