frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Maqolalar

Aqidaning buzilishi — fitnalar manbai

22.01.2026   9836   3 min.
Aqidaning buzilishi — fitnalar manbai

Bugungi davrda dunyoning turli hududlarida yuz berayotgan tartibsizliklar, urushlar, begunoh insonlarning mol-mulki va joniga tajovuzlar, obod maskanlarning vayron qilinishi hamda jamiyatda fitna va fasodning keng yoyilishi bevosita aqidaning zaiflashuvi bilan bog‘liqdir. Gunoh va jinoyatlarning ortib borayotgani ham aynan e’tiqoddagi buzilish natijasidir. Shu sababli avvalo “aqida” va “adashish” tushunchalariga to‘xtalib o‘tish muhimdir.

“Aqida” so‘zi lug‘aviy jihatdan “bir narsani mahkam bog‘lash, tugun qilish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa, qalbda ishonilishi lozim bo‘lgan haqiqatlarni qat’iy va mustahkam holda joylashtirish demakdir. Ya’ni, mo‘min inson e’tiqod masalalarini shubhasiz va sobit holatda qalbiga joylab olishi kerak.

“Aqida masalasida adashish” arab tilida “zalolat” deb yuritiladi. “Zalolat” esa yo‘ldan chiqish, to‘g‘ri yo‘lni yo‘qotish deganidir. Aqidada adashgan kishi nafaqat dunyo, balki oxirat saodatiga eltuvchi yo‘ldan ham uzilgan bo‘ladi. Bu esa nihoyatda xavfli holatdir. Oddiy hayotda yo‘lini yo‘qotgan odamni kimdir to‘g‘ri yo‘lga boshlashi mumkin. Ammo e’tiqodda adashgan kishini, hatto butun insoniyat jam bo‘lsa ham, to‘g‘ri yo‘lga qaytarish juda mushkuldir.

Shu bois banda Alloh taolodan doimo hidoyat so‘rab yashashi lozim. Bu borada ham biz uchun eng go‘zal o‘rnak — Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdir. U zot Allohdan hidoyat tilab doimiy duo qilganlar va bu duoni sahobalarga ham o‘rgatganlar. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda quyidagi duo zikr etiladi:

اللَّهُمَّ اهْدِنَا فِيمَنْ هَدَيْتَ

Mazkur duoning ma’nosi: “Allohim, hidoyat qilgan bandalaring qatorida bizni ham hidoyat qilgin.”

Hidoyat ustida sobit turish ulug‘ ne’mat va buyuk amal hisoblanadi. Shuning uchun mo‘min banda bu masalada Alloh taolodan yordam so‘rashdan aslo to‘xtamasligi kerak. Fiqh ulamolari namozda Fotiha surasini o‘qish vojib ekanini ta’kidlaydilar. Buning hikmatlaridan biri shuki, Fotiha surasida: “Bizni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilgin” mazmunidagi iltijo mavjud.

Shariat hukmlari zamon va makonga qarab o‘zgarishi mumkin. Ammo aqida hech qachon o‘zgarmaydi. Odam alayhissalomdan tortib qiyomatga qadar barcha mo‘minlar bir xil aqida asosida yashashlari shart. Chunki barcha amallar e’tiqod poydevori ustiga quriladi. Agar aqida buzilsa, qilingan amallar ham behuda ketadi. E’tiqodsiz yoki e’tiqodi buzuq inson shaytonning do‘sti va yaqiniga aylanadi. Bunday kishining amallari sarob singari yo‘q bo‘lib ketadi.

Bugungi globallashgan dunyoda internet va axborot tarmoqlari orqali turli yot g‘oyalar, noto‘g‘ri e’tiqodlar keng targ‘ib qilinmoqda. Bu holat esa jamiyatda katta fitna va xatarlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois zamonimiz ulamolari bu buzuq oqimlarning zararini ochiq bayon qilib, insonlarni, ayniqsa yosh avlodni bunday fitnalardan ogoh bo‘lishga chaqirmoqdalar.

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom

ta’lim muassasasi o‘qituvchisi

Muhammad Mirmaxamatov

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Paxtachi tumanida 60 nafar bola maktab uchun barcha zarur narsalar bilan ta’minlandi

19.08.2026   39528   1 min.
Paxtachi tumanida 60 nafar bola maktab uchun barcha zarur narsalar bilan ta’minlandi

Ularga maktab kiyimlari, poyabzal va ryukzaklar bepul berildi.

Xayriya aksiyasi Toshko‘prik masjidi imomi Doniyor Matlabov tashabbusi bilan o‘tkazildi, xabar bermoqda «Samarkandskiy vestnik» nashri.

Masjid ahli va homiylar ko‘magida 35 ta ehtiyojmand oila farzandlari uchun yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish uchun barcha zarur narsalar xarid qilindi. Sovg‘alar maktab o‘quvchilariga topshirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari