Bu hadisi sharifda odobning ulug‘ asoslaridan biri bayon etilgan.
Ba’zi olimlar bu hadisni ilmning uchdan biri deyishgan, boshqalari esa ilmning to‘rtdan biri yoki Islomning to‘rtdan biri deganlar.
Abdulloh ibn Abu Zayd aytadi: «Barcha yaxshi odoblar to‘rtta hadisdan o‘rganiladi, ulardan biri Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shu hadislaridir: “Kishining o‘ziga foydasi yo‘q ishni qilmasligi uning Islomi go‘zalligidandir”».
Imom Abu Dovud aytadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan besh yuz mingta hadisni yozib oldim, ularning to‘rt mingi sobit (ishonchli) bo‘lib, ular bu to‘rtta hadisda ifodalangan:
“Amallar niyatlarga bog‘liq”;
“Kishining foydasi yo‘q shni qilmasligi uning Islomi go‘zalligidandir”;
“Halol aniq va oydindir, harom ham aniq va oydindir”;
“Kishi o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham yaxshi ko‘rmaguncha mo‘min bo‘lmaydi” (Ba’zi rivoyatlarda uning o‘rniga “Dunyoga ko‘ngil berma, Alloh seni sevadi” hadisi kelgan)».
Biz o‘rganayotganimiz hadis musulmonni o‘ziga ahamiyatli bo‘lmagan narsalar haqida gapirishdan, foydasiz ishlarni qilishdan qaytaradi.
“Foydasiz ishlarni qilmasligi”, degani kishiga taalluqli bo‘lmagan gap, ish va hamma narsalardir, ya’ni uning dini va dunyosida foydasi bo‘lmagan, Alloh taoloning roziligini topishda to‘siq bo‘ladigan narsalardir.
Ibn Rajab rahmatullohi alayh aytgan: “Foydasiz ishni qilmaslikdan murod tilni behuda gaplardan saqlashdir”.
Musulmonning o‘ziga foydasi bo‘lmagan ishni qilishi Islomining go‘zalligini kamaytiradi va salbiy natijalarga sabab bo‘ladi.
Qalbing qattiqlashishiga, tanasining zaiflashishiga va rizqning tang bo‘lishiga olib keladi.
Luqmoni Hakimdan: “Qaysi amalingizni ishonchliroq deb bilasiz?” deb so‘raganlarida, u: “Menga foydasi bo‘lmagan ishni qilmadim”, deb javob berganlar.
Molik ibn Dinor aytganlar: “Agar qalbingda qattiqlik, tanangda zaiflik va rizqingda tanglikni ko‘rsang, bilginki, sen o‘zingga foydasi bo‘lmagan gaplarni gapirgansan”.
Kishi yoqtirmaydigan narsalarni eshitishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bir kishi Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuning yoniga kirganida, u oyoq kiyimini yamayotgan edilar. U kishi: “Ey Abu Abdurrahmon, shu oyoq kiyimni tashlab, yangisini olsangiz-chi!” dedi. Ibn Umar unga: “Oyoq kiyimim bilan nima ishing bor? O‘z ishingga qara”, dedilar.
Foydasiz narsalar vaqtni zoye qiladi.
Bugungi kunda ko‘p odamlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘zlariga tegishli bo‘lmagan, hatto ularning qiziqish doirasiga kirmaydigan xabarlarni kuzatish bilan mashg‘uldirlar. Agar ular Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning bu hadislariga amal qilganlarida, vaqtlarini dinlari yoki dunyolarida foyda keltiradigan narsalarga sarflagan bo‘lar edilar.
Ko‘p savobdan quruq qolishga sabab bo‘lishi mumkin.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Agar biringiz Islomini go‘zal qilsa, olamdan o‘tgach, uning qilgan har bir yaxshi ishiga o‘n barobaridan yetti yuz barobargacha yoziladi. Har bir gunoh faqat o‘zicha yoziladi” (Muttafaqun alayh). Musulmon o‘ziga tegishli bo‘lmagan gapni gapirsa, javobgar bo‘ladi.
Imom Abu Ya’lo va Imom Bayhaqiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam zamonlarida bir kishi shahid bo‘ldi. Bir yig‘lovchi ayol yig‘lab, unga: “Voy, shahidim!” dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Uning shahid ekanini qayerdan bilasan? Ehtimol, u o‘ziga foydasiz narsani gapirgan yoki molini kamaytirmaydigan narsada baxillik qilgan bo‘lishi mumkin”.
Odamlar orasidagi totuvlikni buzuvchi va mehrni yo‘qotuvchi sabablardan biridir.
O‘zgalarning shaxsiy ishlariga aralashish va aloqasi bo‘lmagan ishlarga bosh suqish ana shularga sabab bo‘ladi. Agar u Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning tavsiyalariga amal qilganida, unday qilmagan bo‘lar edi.
Alloh bir bandaga g‘azab qilsa, uni o‘ziga foydasi bo‘lmagan narsalar bilan mashg‘ul qilib qo‘yadi.
Abu Dujona roziyallohu anhuning tarjimayi holida aytilishicha, u kishi kasal bo‘lganida do‘stlaridan biri uning yoniga kirdi. Yuzi yaltirayotgan edi. “Nega yuzingiz yaltirayapti?” deb so‘raganida, u kishi: “Men uchun eng ishonchli amalim ikki narsa: o‘zimga foydasi bo‘lmagan narsani gapirmas edim va qalbimda musulmonlarga nisbatan g‘araz yo‘q edi”, dedi (“Siyarul a’lom an-nubalo”).
Imom Molik aytganlar: “Kishi o‘ziga foydasi bo‘lmagan narsani qilmay, o‘ziga foydali narsa bilan mashg‘ul bo‘lmaguncha najot topmaydi”.
Musulmon o‘ziga foydasi bo‘lmagan narsalardan yiroq bo‘lib, Islomini go‘zallashtirishi kerak. Kim behuda ishlar bilan mashg‘ul bo‘lsa, demak, uning toat-ibodatlarida qusur bor.
Hakimlar: “O‘zingni toat bilan mashg‘ul qilmasang, u seni ma’siyat bilan mashg‘ul qiladi”, deganlar.
Toshkent islom instituti prorektori
Hoshimxon AMANOV
tayyorladi.
(J. Shodiyev uyushtirdi).
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 12-sonidan
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi