Musobaqada soha tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlardan tuzilgan jamoalar ishtirok etib, o‘zaro qiziqarli va murosasiz bellashuvlar namoyish etdilar. Qiziqarli va keskin o‘tgan o‘yinlar yakunida g‘oliblar aniqlandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, volleybol musobaqasida O‘zbekiston tumani jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shaxmat turida O‘zbekiston tumani “Imom Ja’far” masjidi imom-noibi Payg‘amov Niyozbek birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Qo‘shtepa tumani “Sulaymonbek hoji” masjidi imom-noibi Mirzarahimov Muhammadyunus esa stol tennisi musobaqasida g‘olib deb topildi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra g‘olib va sovrindorlarga diplomlar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati
#xabar #qabul #muftiy
Bugun, 28 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdilar.
Qabul jarayonida fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, diniy ta’lim, oilaviy masalalar, haj va umra hamda moddiy yordam masalalari bo‘yicha murojaatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlar bilan bog‘liq masalalar yuzasidan maslahatlar berildi, shar’iy savollarga batafsil tushuntirishlar taqdim etildi. Shuningdek, moddiy yordam so‘ragan fuqarolarga belgilangan tartib-qoidalar asosida ko‘mak ko‘rsatildi.
Qayd etish joizki, kishilarning dardini yengillatish, ularning tashvishlarini aritish — savobi ulug‘ amal hisoblanadi. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
“... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ana shu nabaviy ta’limotga amal qilgan holda, bugun Muftiy hazratlari mutasaddilar bilan birga turli masalalar bo‘yicha murojaat qilgan fuqarolarning tashvishlari bartaraf etilishiga amaliy yordam ko‘rsatdilar.
Iliq kutib olingan fuqarolar murojaatlarining ijobiy yechim topganidan mamnun bo‘lib, mas’ullardan minnatdor holda qaytdilar.
Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati