Sog‘lom, baquvvat, epchil va abjir kishi har doim qardlangan. Shunday kishilarning ko‘p bo‘lishi natijasida jamiyat sog‘lom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbuslari bilan diniy soha xodimlari o‘rtasida «Sog‘ tanda – sog‘lom aql» shiori ostida sportning voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka turlari bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tyapti.
Bugun, 27 yanvar kuni Toshkent viloyatida imom-xatiblar jismoniy faolligini oshirishga qaratilgan stol tennisi musobaqasi yuqori saviyada, uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.
Diniy soha xodimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan ko‘ra Allohga yaxshiroq va sevimliroqdir» degan muborak hadislarini amalda isbotladilar.
Tabiiyki, musobaqada kimdir g‘olib, kimdir esa mag‘lub bo‘ladi.
Hakam hay’ati a’olarining xulosalariga ko‘ra:
1-o‘rinni Abufayz domla Husanboyev
(Bo‘stonliq tumani “Toli buva” imom noibi);
2-o‘rinni Botirjon domla Abdug‘aniyev
(Bekobod tumani “Amirov Dadaxon” jome masjidi imom-xatibi);
3-o‘rinni Husan domla Haydarov
(Ohangaron tumani “Quraysh” jome masjidi imom noibi) qo‘lga kiritdi.
G‘oliblarga sovg‘alar ulashildi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
#taqdimot #forum #kitob
Avval xabar qilinganidek, mamlakatimizda "Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li" mavzusidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi bo‘lib o‘tdi.
Samarqand shahrida o‘tkazilgan ushbu nufuzli anjuman Imom Buxoriy rahimahulloh merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, islom ilmlari bo‘yicha tadqiqotlarni rivojlantirish, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda yosh tadqiqotchilar uchun yangi ilmiy muloqot maydonlarini yaratishga xizmat qildi.
Forum doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili, "Imom Buxoriy" ordeni sohibi, Ulamolar kengashi a’zosi, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov muallifligida nashr etilgan "Imom Buxoriy – muhaddislar faxri" kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Asarda buyuk muhaddis Imom Buxoriy rahimahullohning hayoti, ilmiy merosi, yuksak axloqi hamda Islom tamadduni rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi sodda va ravon uslubda yoritilgan.
Kitob Imom Buxoriy rahimahullohning ilmga sadoqati, taqvosi va mashaqqatli ilmiy safarlarini o‘quvchiga yaqindan tanishtirib, ma’naviy-ma’rifiy jihatdan muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati