Sog‘lom, baquvvat, epchil va abjir kishi har doim qardlangan. Shunday kishilarning ko‘p bo‘lishi natijasida jamiyat sog‘lom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbuslari bilan diniy soha xodimlari o‘rtasida «Sog‘ tanda – sog‘lom aql» shiori ostida sportning voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka turlari bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tyapti.
Bugun, 27 yanvar kuni Toshkent viloyatida imom-xatiblar jismoniy faolligini oshirishga qaratilgan stol tennisi musobaqasi yuqori saviyada, uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.
Diniy soha xodimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan ko‘ra Allohga yaxshiroq va sevimliroqdir» degan muborak hadislarini amalda isbotladilar.
Tabiiyki, musobaqada kimdir g‘olib, kimdir esa mag‘lub bo‘ladi.
Hakam hay’ati a’olarining xulosalariga ko‘ra:
1-o‘rinni Abufayz domla Husanboyev
(Bo‘stonliq tumani “Toli buva” imom noibi);
2-o‘rinni Botirjon domla Abdug‘aniyev
(Bekobod tumani “Amirov Dadaxon” jome masjidi imom-xatibi);
3-o‘rinni Husan domla Haydarov
(Ohangaron tumani “Quraysh” jome masjidi imom noibi) qo‘lga kiritdi.
G‘oliblarga sovg‘alar ulashildi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Misrning nufuzli “Al-Ahram” gazetasida O‘zbekistonning Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiyasida tutgan o‘rniga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqola O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi Ijodiy iqtisodiyot va turizm departamenti rahbari, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova bilan o‘tkazilgan intervyu asosida tayyorlangan. Nashrda mamlakatimizda kechayotgan ulkan yuksalish, ijodiy salohiyat va madaniy diplomatiyaning o‘rni atroflicha tahlil qilingan.
Qayd etilishicha, asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘lining markazida bo‘lib kelgan O‘zbekiston bugun arab dunyosi, xususan, Misr bilan munosabatlarda yangi sahifa ochmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat, turizm va ijodiy iqtisodiyotni mamlakat rivojlanish strategiyasining bosh ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab bergani ushbu sohadagi davlat islohotlarining bosh harakatlantiruvchi kuchi bo‘ldi.
Maqola muallifi davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar faqatgina tarixiy obidalarni ta’mirlash bilan cheklanib qolmasdan, zamonaviy jahon hamjamiyati bilan faol muloqot qila oladigan yangi madaniy platformalarni yaratishga qaratilganiga e’tibor qaratadi. Bunga misol sifatida Buxoro biyennalesi, Toshkent zamonaviy san’at markazi, Jadidlar merosi muzeyi hamda “Samarkand Express” hashamatli sayyohlik poyezdi loyihasi keltirilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning “Osaka EKSPO-2025” butunjahon ko‘rgazmasidagi “Bilimlar bog‘i” deb nomlangan milliy paviloni nufuzli “Red Dot: Best of the Best” mukofotiga sazovor bo‘lgani yurtimiz madaniy salohiyatining xalqaro e’tirofidir.
Nashrda Buxoro, Samarqand va Xiva singari tarixiy shaharlarning islom sivilizatsiyasi, ilm-fan va me’morchilik markazlari sifatidagi maqomini saqlash borasidagi sa’y-harakatlarga yuqori baho berilgan. Fransiyaning mashhur “Wilmotte & Associés” arxitektura byurosi tomonidan ishlab chiqilgan Buxoro shahrini rivojlantirish bosh rejasi hamda mashhur yapon arxitektor Tadao Ando loyihasi asosida 2028 yilda ochilishi kutilayotgan O‘zbekiston Milliy muzeyi buning yaqqol isbotidir.
O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi madaniy mushtaraklik ham maqolaning markaziy mavzularidan biridir. O‘zbekiston delegatsiyasining Buyuk Misr muzeyiga tashrifi va ikki davlatning muzey ishi, madaniy merosni saqlash hamda turizm sohasidagi muloqotlari yangi institutsional hamkorlikka zamin yaratmoqda. Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida professor Xaled El-Enanining tashkilot Bosh direktori etib saylanishi ham ikki qadimiy sivilizatsiya o‘rtasidagi yaqinlikning ramzi sifatida qayd etilgan.
Intervyuda O‘zbekistonning madaniy kelajagi ko‘p jihatdan yosh avlod va ijodiy iqtisodiyot rivoji bilan bog‘liqligi ta’kidlangan. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi va “Uzbekistan Creative Park” loyihasining yo‘lga qo‘yilishi dizaynerlar, arxitektorlar va raqamli innovatsiya vakillari uchun keng imtiyozlar tizimini yaratdi. Xivada o‘tkazilgan “Creative Algorithms” Markaziy Osiyo–Italiya yoshlar forumi esa mahalliy ijodkorlarning xalqaro tajribani o‘zlashtirishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Maqola yakunida Gayane Umerova arab dunyosi jamoatchiligi va xorijlik mehmonlarni O‘zbekistonning boy madaniyati va tarixi bilan ekran yoki kitoblar orqali emas, balki shaxsan tashrif buyurib tanishishga chorlaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati