Bugun biz axborot asrida yashayapmiz. Tugmani bir bosish bilan dunyoning istalgan nuqtasidagi yangilikdan boxabar bo‘lamiz. Biroq, bu imkoniyat o‘zi bilan birga ma’naviy inqirozni ham olib keldi.
Internetdagi anonimlik va chegarasizlik madaniyatsizlikka yo‘l ochib berdi. Ayniqsa, so‘nggi paytlarda tarmoqlarda olimlarni, ziyolilarni va o‘z sohasining mutaxassislarini haqorat qilish, ularni obro‘sizlantirishga urinish holatlari tez-tez uchramoqda.
Tarixdan ma’lumki, qaysi jamiyatda ilm ahli qadrlansa, o‘sha yurt yuksalgan. Olim – bu yillar davomida misqollab bilim yiqqan, uyqusiz tunlar, mashaqqatli mehnat evaziga shu darajaga chiqqan va jamiyatga naf keltiradigan shaxs bo‘lib yetishgan. Uni haqorat qilish nafaqat bir insonga, balki u ifodalayotgan ilmga, ma’rifatga va tafakkurga qilingan tajovuzdir.
Ziyoli insonlarni qadrlash shunchaki insoniy fazilat emas, balki ilohiy buyruqdir. Qur’oni Karimda olimlarning maqomi haqida shunday marhamat qilinadi:
«...Alloh sizlardan iymon keltirganlarni va ilm berilganlarni darajalarga ko‘tarur...» (Mujodala surasi, 11-oyat).
Alloh taolo darajasini baland qilib qo‘ygan shaxslarni internetda pastga urishga urinish, nafaqat ilmga, balki ilohiy taqsimotga ham hurmatsizlikdir.
Olimlarni obro‘sizlantirishga urinishlarning bir nechta sababi bor:
Ilmiy bahs-munozara sog‘lom jamiyat belgisi. Agar biror olimning fikriga qo‘shilmasangiz, uning fikrlariga ilmiy asoslangan raddiya yozing. Ammo shaxsiyatga o‘tish, oilasini yoki obro‘sini tajovuz va haqorat qilish, bu zaiflik va madaniyatsizlik alomatidir.
Ilm ahlini xor qilgan jamiyatda baraka bo‘lmaydi va u yerda adolat qaror topmaydi.
Shuni yodda tutish kerakki, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, internetdagi haqorat va tuhmat uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilangan. Ijtimoiy tarmoqda yozilgan har bir so‘z uchun qonun oldida javob berishga to‘g‘ri kelishi ham mumkin.
Internet bizning madaniyatimiz ko‘zgusi. Bu ko‘zguni haqorat va nafrat bilan emas, hurmat va ilm bilan to‘ldiraylik. Zero, olimlarni asrash kelajakni asrash demakdir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati