Bu dunyo hayoti – sinov.
Bu dunyo hayoti – ne’mat.
Bu dunyo hayoti – omonat.
Bu dunyo hayotida baxt qadrini bilish uchun qayg‘u, sukunatni his qilish uchun olamon, yomg‘irni sevish uchun jazirama, inson qadrini bilish uchun esa ba’zan uning yo‘qligi kerak bo‘ladi...
Aqlli inson bilib yashaydiki, har kun, har dam g‘animat. Ertangi kunga kafolat berilmagan: “Biror jon ertaga nima ish qilishini bilmas. Biror jon qayerda o‘lishini ham bilmas. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Luqmon surasi, 34-oyat)
Biz esa, hayot ma’nisini ko‘pincha mol-dunyo, mansab, shon-shuhrat, rohat bilan deb o‘ylaymiz. Lekin asl hayot faqat bu dunyo bilan tugamaydi. Demak, bu dunyo hayoti – bir yo‘l, oxirat – manzil, bizlar esa yo‘lovchilar ekanmiz. Shunday ekan, bizga manzilda kerak bo‘ladigan narsalarga intilishimiz, shularni zaxira qilishimiz lozim ekan.
Akbarshoh Rasulov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi "Haj" va "Umra" tadbirlarini tashkil etish markazi xodimi Qudratulloh Umrzoqovning buvici Halimaxon onaning vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, Ulamolar kengashi a’zolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga xususan, Qudratulloh Umrzoqovga hamdardlik bildiradi.
Janoza namozi bugun asr namozidan so‘ng Andijon shahar, Bo‘ston mahallasidagi (Adham somsa kafesi oldidan kiriladi) marhumaning xonadonida o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi