Bu dunyo hayoti – sinov.
Bu dunyo hayoti – ne’mat.
Bu dunyo hayoti – omonat.
Bu dunyo hayotida baxt qadrini bilish uchun qayg‘u, sukunatni his qilish uchun olamon, yomg‘irni sevish uchun jazirama, inson qadrini bilish uchun esa ba’zan uning yo‘qligi kerak bo‘ladi...
Aqlli inson bilib yashaydiki, har kun, har dam g‘animat. Ertangi kunga kafolat berilmagan: “Biror jon ertaga nima ish qilishini bilmas. Biror jon qayerda o‘lishini ham bilmas. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Luqmon surasi, 34-oyat)
Biz esa, hayot ma’nisini ko‘pincha mol-dunyo, mansab, shon-shuhrat, rohat bilan deb o‘ylaymiz. Lekin asl hayot faqat bu dunyo bilan tugamaydi. Demak, bu dunyo hayoti – bir yo‘l, oxirat – manzil, bizlar esa yo‘lovchilar ekanmiz. Shunday ekan, bizga manzilda kerak bo‘ladigan narsalarga intilishimiz, shularni zaxira qilishimiz lozim ekan.
Akbarshoh Rasulov
1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan «Vaqf» xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat filiali tomonidan «Imom Faxriddin ar-Roziy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan ustoz va murabbiylarning ilm-ma’rifat yo‘lidagi sharafli mehnati e’tirof etilib, ularga samimiy tilaklar bildirildi. Bayram munosabati bilan 8 nafar ustozga 5 million so‘mdan, jami 40 million so‘m miqdorida pul mukofotlari topshirildi.
Shuningdek, boshqa o‘qituvchi va murabbiylarga oziq-ovqat mahsulotlaridan tashkil topgan jamlanmalar hamda maishiy texnika vositalari bayram sovg‘asi sifatida taqdim etildi.
Bayram tadbiri davomida ustoz va murabbiylarga ezgu tilaklar bildirilib, ularning mas’uliyatli va sharafli faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tilandi. Zero, ustozga ko‘rsatilgan ehtirom — ilmga, ma’rifatga va kelajak avlodga ko‘rsatilgan ehtiromdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati