Bu dunyo hayoti – sinov.
Bu dunyo hayoti – ne’mat.
Bu dunyo hayoti – omonat.
Bu dunyo hayotida baxt qadrini bilish uchun qayg‘u, sukunatni his qilish uchun olamon, yomg‘irni sevish uchun jazirama, inson qadrini bilish uchun esa ba’zan uning yo‘qligi kerak bo‘ladi...
Aqlli inson bilib yashaydiki, har kun, har dam g‘animat. Ertangi kunga kafolat berilmagan: “Biror jon ertaga nima ish qilishini bilmas. Biror jon qayerda o‘lishini ham bilmas. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Luqmon surasi, 34-oyat)
Biz esa, hayot ma’nisini ko‘pincha mol-dunyo, mansab, shon-shuhrat, rohat bilan deb o‘ylaymiz. Lekin asl hayot faqat bu dunyo bilan tugamaydi. Demak, bu dunyo hayoti – bir yo‘l, oxirat – manzil, bizlar esa yo‘lovchilar ekanmiz. Shunday ekan, bizga manzilda kerak bo‘ladigan narsalarga intilishimiz, shularni zaxira qilishimiz lozim ekan.
Akbarshoh Rasulov
Aholi bilan ochiq va samimiy muloqot o‘rnatish, fuqarolarning murojaatlariga o‘z vaqtida yechim topish hamda ularning ezgu tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Shu yil 23 sentyabr kuni Diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi.
Muloqotlarda masjidlar va imom-xatiblar faoliyati, oilaviy masalalar, umra ziyorati va boshqa masalalarda batafsil tushuntirishlar berildi. Zaruriy ehtiyojmand murojaatchilarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, kelganlar orasida xayrli duo va maslahat olish niyatidagi yurtdoshlarimiz ham bo‘ldi.
Ko‘rsatilgan alohida e’tibor va muammolariga yechim topilganidan mamnun bo‘lganlar minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qilishdi.
Ma’lumot o‘rnida, aholi murojaatlarini tinglashga qaratilgan bu kabi ochiq qabullar har chorshanba kuni Diniy idoraning hududiy vakilliklari va barcha jome masjidlarda imom-xatiblar tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati