Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Ushbu duoni o‘qish:
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Agar birortangiz o‘z ahliga yaqinlik qilishni iroda etgan paytida: “Bismillahi. Allohumma! Jannibnash-shaytona va jannibish-shaytona maa rozaqtana” (Allohning nomi bilan. Allohim, bizdan shaytonni chetda qilgin, shaytonni bizni rizqlantirgan narsangdan chetda qilgin) desa, albatta, agar o‘shandan ularga farzand beriladigan bo‘lsa, unga shayton hech qachon zarar yetkaza olmaydi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
2. Iffatni saqlash, farishtalardan hayo qilish.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Yalang‘och bo‘lishdan saqlaninglar. Chunki siz bilan qazoi hojat va er kishi o‘z ahliga qo‘shilgan paytdan boshqa vaqtda hech ajralmaydiganlar bo‘ladi. Bas, ulardan hayo qilinglar va ularni ikrom etinglar”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
3. Ayol kishining orqasiga yaqinlik qilmaslik.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ayolining orqasiga yaqinlik qilsa, mal’undir”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Erkak yoki ayol kishining orqasiga yaqinlik qilgan kishiga Alloh nazar qilmas”, dedilar (ImomTermiziy rivoyati).
4. Ayoli bilan qilgan jinsiy yaqinligi haqida odamlarga so‘zlamaslik.
Abu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni Allohning nazdida martabasi eng yomon odam ayoliga yaqinlik qilib, ayoli unga yaqin bo‘lganidan keyin sirini odamlarga yoyib yuradigan kishidir”, dedilar (Imom Muslim, Imom Ahmad rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo butun borliqda O‘zining borligini isbotlovchi mo‘jizalarni yaratgan. Jamiki mavjudot, jonzotlar, o‘simliklar Allohning yagona Zot ekanini isbotlaydi. Bu haqda chuqur fikrlab, o‘ylab ko‘rsak kifoya.
Alloh taolo doimo aql egalari uchun O‘zining borligini isbotlovchi dalillarni zohir qilgan. Insoniyat taraqqiyotga ildamlagani sari Alloh taolo ham ularga bunday dalillarni yanada yorqinroq qila boshladi. Har bir zamon egalarining aqliga yarasha muomala qilish ham Alloh taoloning adolatli va hikmatli Zot ekanini ko‘rsatadi.
Alloh taolo borliqni O‘zining borligiga eng birinchi dalil qilib ko‘rsatdi. Oddiy inson ham aqlini ozgina ishlatib ko‘rsa Allohning yagonaligini anglay oladi.
Alloh taoloning borligiga bu dunyoda moddiy dalillardan tashqari, aqliy dalillar ham mavjud. Allohning borligini isbotlovchi birlamchi vosita ham aslida aql bo‘ladi. Aql tufayli Allohning borligini isbotlay olamiz va bunga borliqda yetarlicha dalillar bor.
Shunday bo‘lsada aqlning o‘zi bizga barcha haqiqatlarni ochib bera olmaydi. Ya’ni, aql bilan yagona Yaratuvchi Zot borligini anglay olamiz. Biroq o‘sha Yaratuvchi Zot bizdan talab qilgan narsani va vazifamiz nimadan iborat ekanini aqlimiz orqali topa olmaymiz. Qanday ibodat qilishni, nimalar qilish kerak va nimalar qilmasligimiz lozim, jazo yoki mukofotlarni faqatgina aql bilan idrok etib bo‘lmaydi. Ayni shu sababdan Yaratgan Zot bashariyatga O‘z elchilari, ya’ni payg‘ambarlarini yubordi.
Nima uchun yaratildik? Bu borliq nega yaratilgan? Shu kabi savollarning barchasiga payg‘ambarlar alayhimussalom javob beradilar. Ushbu savollarga aqlimizni qancha ishlatib ko‘rmaylik biror javob topishimiz mushkul.
Bashariyat paydo bo‘lishi bilan ularni Yaratgan Zot buyruqlaridan ogoh etish uchun payg‘ambarlarini ham yubordi. Payg‘ambarlar odamlarga turli mo‘jizalarni, aqlbovar qilmas hodisalarni ko‘rsatib, insonlarni o‘zlariga ergashishga da’vat etdilar. Lekin biz bu kitobimizda mo‘jizalar haqida gapirmoqchi emasmiz. Ushbu kitobimizda faqatgina aqliy dalillarni o‘rganamiz. Ya’ni bizning olamimizdan boshqa olam ham bor ekanini isbotlovchi aqliy dalillarni o‘rganib chiqamiz.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan