Bismillahir Rohmanir Rohiym
#xabar #samarqand #fatvo
Shu yilning 2–4 fevral kunlari Samarqand shahrida Turkiy davlatlar muftiylar kengashi huzuridagi Fatvo hay’atining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘izistondan kelgan fatvo hay’ati ulamolari va Turkiy davlatlar tashkiloti Kotibiyati vakillari ishtirok etadi.
Mazkur yig‘ilishda fatvo ishlab chiqish va diniy masala so‘rashda sun’iy intellekt dasturlaridan foydalanish masalasi, qabristonlarga oid hukmlar, ijaraga olingan yerlarda yetishtirilgan mahsulotlar ushrini hisoblash va boshqa turmush hayotda yuzaga kelgan zamonaviy masalalar ko‘rib chiqiladi.
Bugun, 2 fevral kuni boshlangan tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov ochib berdi. An’anaga muvofiq Qur’oni karim tilovatidan so‘ng muvaffaqiyat tilab xayrli duo qilindi.
Mehmonlar Samarqandning islom sivilizatsiyasi va turkiy dunyo tarixida tutgan o‘rni, bu zamin asrlar davomida ulamolarni birlashtirib kelgan ma’naviy markaz ekani alohida e’tirof etib o‘tishdi.
Yig‘ilishda ba’zi fiqhiy masalalarni zamon va makon talablaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqishga ehtiyoj borligi ta’kidlandi. Jumladan, yer munosabatlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, ushr va zakot hisob-kitoblari, shuningdek, yangi texnologiyalar bilan bog‘liq masalalar, ayniqsa, fatvo olishda sun’iy intellektdan foydalanish masalasi turkiy davlatlar ulamolari tomonidan keng muhokama qilinmoqda.
Ko‘rib chiqilib, qabul qilinadigan bunday qarorlar kelgusida ushbu Fatvo hay’ati faoliyatini tizimli ravishda davom ettirish, fiqhiy masalalarda yaqin hamkorlikni mustahkamlashda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati