Bismillahir Rohmanir Rohiym
Har kuni farzandlarimni bog‘chaga olib borar ekanman, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini eslataman: “Taomlanishdan oldin qo‘llaringizni yuving, ovqatni o‘ng qo‘lingiz bilan “bismillah”ni aytib yeng, taomlanib bo‘lib Allohga hamd ayting, Allohni zikr qilishni unutmang, ayniqsa “Subhanallohi va bihamdihi”ni ko‘p ayting, juma kunlari salavot: “Allohumma solli ’alaa Sayyidina Muhammad”ni aytishni ko‘paytiring”.
Kunlarning birida bolalarimni bog‘chaga olib ketardim. Odatdagidek kundalik odoblarni unutmasliklarini birma-bir takrorlab, eslatdim. Bolalarimni bog‘cha opasiga topshirib, “Allohim farzandlarim O‘zingga omonat. Hasbiyallohu laa ilaha illa huva ’alayhi tavakkaltu va huva Robbul ’arshil ’aziym”, deb ortimga qaytdim.
Shunda bog‘cha opasi: “Farzandlaringiz juda tarbiyali. Har safar ovqatlanib bo‘lishgach, duo qilishadi”, dedi. Bu gapdan nihoyatda quvonib ketdim. Chunki dilbandimning sevikli Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odoblaridan biriga amal qilishi men uchun dunyo va undagi jamiki narsalardan sevimliroqdir. Shunda hayolimda faqat bir gap aylanardi: “Demak, farzandlarga odobni qayta-qayta eslataverish, aslo malollanmaslik va erinchoqlik qilmaslik kerak ekan”.
Siz ko‘zingiz quvonchiga qaysi odoblarni eslatyapsiz.....?
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan ochiq va samimiy muloqotlari fuqarolar murojaatlarini o‘rganish hamda ularni hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun, 16 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Diniy idoraga kelgan bir guruh fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat, arz va takliflarini tingladilar.
Muloqot davomida imomlar faoliyatini yanada takomillashtirishga oid takliflar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ustozdan xayrli duo olish niyatida kelganlar, o‘zlari yozgan kitoblarini taqdim etganlar ham bo‘ldi. Moddiy yordam so‘rab murojaat qilgan fuqarolarga esa belgilangan tartibda tegishli ko‘mak ko‘rsatildi.
Samimiy qabul va ko‘rsatilgan e’tibordan mamnun bo‘lgan fuqarolar minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qilishdi.
Darhaqiqat, inson dardiga sherik bo‘lish, uning tashvishini yengillatish — savobi ulug‘ amaldir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar:
«Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishini aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Eslatib o‘tamiz, bunday qabullar O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilliklari hamda barcha jome masjidlarida har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati