Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Birovni kofirga chiqarish — o‘z iymonini xatarga qo‘yishdir

03.02.2026   7143   3 min.
Birovni kofirga chiqarish — o‘z iymonini xatarga qo‘yishdir

Takfir iborasi arab tilidagi “kufr” so‘zining o‘zagidan olingan bo‘lib, lug‘atda inkor qilish, osiy bo‘lish, tan olmaslik kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa ­ikki xil ma’noda keladi. Biri – dinda, ya’ni, Alloh va Uning Rasuliga itoatsizlik ikkinchisi, in’om etilgan ne’matni mensimay, inkor etishga nisbatan qo‘llanilgan.

Islom tarixida, takfir tushunchasi xalifa Ali roziyallohu anhu davrida paydo bo‘lgan xorijiylar firqasi tomonidan o‘zlariga ergashmaganlarga nisbatan qo‘llanilgan. Ular dastlab xalifa Alining ashaddiy tarafdorlari bo‘lib, “Siffiyn” jangidan so‘ng hazrati Alidan o‘n ikki minglik qo‘shin bilan ajralib chiqib, unga va Muoviyaga qarshi barobar kurash boshlagan. Bugungi kunda mutaassiblar musulmonni asossiz kofirga chiqarib g‘uluvga ketmoqdalar.

Shariatda musulmonni uning musulmon ekanligiga qarshi dalil topilmagunicha musulmon, deb hukm qilinadi. Zero, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan bunday deydilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Bir musulmonni kofirga chiqarishdan oldin kufrga sabab deb o‘ylanayotgan u gapirgan so‘zi yoki ishiga qarash, uni yaxshilab o‘rganish shartdir. Zero, barcha fosid so‘z yoki ish kufr qiluvchi emasdir. Shuningdek, barcha insonlar o‘zgalarni kofirga chiqarishdan saqlanmoqlari, bu ishdan qochib, bu juda nozik masala bo‘lgani uchun ham uni olimlarga havola etish vojibdir. Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi.

Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa, gapiruvchining o‘ziga qaytadi”, deb aytdilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. U zot Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni bunday deyayotganlarini eshitgan: “Kim bir kishini “kofir” deb chaqirsa yoki “Allohning dushmani” desa, aslida u odam bunday bo‘lmasa, gaplari o‘ziga qaytadi” (Imom Muslim rivoyati). Tahoviy aqidasida: “Qibla ahlidan bo‘lgan biror-bir musulmonni gunohi kabira tufayli kofir sanamaymiz”, deyiladi. Shuningdek, boshqa aqida va ularga yozilgan sharhlarda katta gunoh qilgan kishilar garchi uni sodir etish paytida vafot etsa ham, qilgan ishini halol sanamasa, kofir bo‘lmasligi, agar o‘z uqubatlarini dunyoda olsa katta gunohi uchun kafforot bo‘lishi, mabodo vafot etsa, bu – Allohning xohishi: xohlasa azoblashi, xohlasa kechishi bayon etilgan.

Aqida ilmining yetuk bilimdoni Abul Hasan Ash’ariy aytadilar: “Men ahli qibladan birortasini kofirga chiqarmayman. Chunki ularning barchalari yolg‘iz ma’budga ibodat qiladilar”. Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, o‘zga insonni kofir deyish, unga jahannamda abadiy qolasan, deyishga teng gapdir. Buning ustiga jamiyat kishilari orasida uning o‘rnini o‘z bilganicha belgilab berish demakdir. Alloh taolo barchamizga o‘z dinimizni yaxshi anglab yetishimizni, oshkora va maxfiy fitnalarning barchasidan  asrashini so‘raymiz.

Sayfiddin Boboqulov,

Mir Arab oliy madrasasi talabasi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Xo‘jamulki" mahallasida obodlik va mehr-saxovat

16.08.2026   22992   1 min.

Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.

Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.

Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari