Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
وَقَالَ ابْنُ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا: كَانَ مِنْ دُعَاءِ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : اللَّهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنْ زَوَالِ نِعْمَتِكَ، وَتَحَوُّلِ عَافِيَتِكَ، وَفُجَاءَةِ نِقْمَتِكَ، وَجَمِيعِ سَخَطِكَ. رَوَاهُمَا مُسلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ.
Ibn Umar roziyallohu anhumo dedi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning duolarida «Allohim! Albatta, men Sendan ne’matingning zavol bo‘lishidan, ofiyatingning burilishidan, to‘satdan keladigan ofatingdan va barcha g‘azabingdan panoh tilayman» bor edi».
Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisi sharifda to‘rt narsadan panoh so‘ralmoqda:
1. Ne’matning zavolidan.
Alloh taolo O‘zi bergan ne’matni O‘zi ketkazib qo‘yishi hech gap emas. Banda uchun unga berilgan ne’matning zavolga uchrashi katta baxtsizlik bo‘ladi.
Ne’matning zavoli ko‘proq unga shukr qilmaslik oqibatida sodir bo‘ladi. Ne’matning zavoli uning ozayishi, nuqsonga uchrashi, barakasining ketishi yoki butunlay yo‘q bo‘lishi bilan bo‘ladi.
Banda o‘ziga berilgan ne’mat uchun doimiy shukr qilish bilan birga, ushbu duoni ham qilib tursa, yaxshi bo‘ladi.
2. Ofiyatning burilishidan.
«Ofiyat» so‘zi salomatlik, eson-omonlik, bardamlik, yaxshi kayfiyat kabi ma’nolarni ifoda qiladi.
Ko‘rinib turibdiki, ofiyat ham Alloh taoloning katta ne’matlaridan biri ekan. Uning bandadan boshqa tarafga o‘tishi uning uchun katta musibat bo‘lishi turgan gap.
Shuning uchun doimo Alloh taolodan ofiyatning boshqa tarafga burilib ketishidan panoh so‘rab turish lozim bo‘ladi.
3. To‘satdan keladigan ofatdan.
Bunday ofat to‘satdan kelgani uchun banda tavba ham qila olmay, baloni daf qilish uchun chora ham ko‘ra olmay qoladi. Butun dunyo birlashib, unga yordam bermoqchi bo‘lsa ham, zarracha yordam bera olmay qoladi.
Alloh taoloning O‘zi bu kabi uqubatlardan doimo asrasin.
4. Allohning barcha g‘azabidan.
Ya’ni Alloh taoloning g‘azabiga sabab bo‘ladigan ishlardan panoh so‘ralgan. Chunki Alloh taoloning har qanday g‘azabiga duchor bo‘lgan banda albatta halok bo‘ladi, noumid bo‘ladi va yutqazadi.
«Hadis va hayot» kitobining 35-juzi
Sharqshunos tadqiqotchi M.Xadr tomonidan e’lon qilingan va keyinchalik taniqli olim O.Bolshakov tomonidan atroflicha tadqiq etilgan XI asr o‘rtalariga oid ikkita vaqf hujjati G‘arbiy Qoraxoniylar xoqonligining hukmdori Ibrohim Tamg‘achxon davriga taalluqlidir. O‘rta asrlar arab muarrixi Ibn Fuvatiyning guvohlik berishicha, Ibrohim faqihlarning qat’iy xulosasisiz biror kimsaga jazo tayinlamagan hamda hech kimning mol-mulkini musodara etmagan odil hukmdor timsoli bo‘lgan. Shu bois u Bag‘dod xalifasi Qoim tomonidan “Davlat tayanchi” hamda “Sharq va Chin podshohi” kabi oliy darajali unvonlar bilan sharaflangan.
Ushbu ma’rifatparvar hukmdor tashabbusi bilan Samarqand shahrida faoliyat boshlagan “Dor al-marzo”, ya’ni Bemorlar uyi shahar fuqarolari bilan birga musofirlar uchun ham bepul tibbiy yordam ko‘rsatuvchi yirik ijtimoiy markaz bo‘lgan. Vaqfnoma matnida mazkur dorushshifoning jo‘g‘rofiy o‘rni, ichki me’moriy tuzilishi, xizmatchilar safi, ularga ajratiladigan maosh hamda muassasani muttasil mablag‘ bilan ta’minlab turuvchi ko‘chmas mulklar tafsiloti bayon etilgan.
Tarixiy hujjatlarga ko‘ra, shifoxona Samarqandning gavjum savdo chorrahalaridan birida – So‘g‘d bozori va Zargarlar mahallasi tutashgan hududda qad rostlagan. Xastaxonaning kundalik xarajatlarini, bemorlarning to‘laqonli ovqatlanishi va zarur dori-darmonlar ta’minotini kafolatlash maqsadida xoqon o‘z shaxsiy mulki hisoblangan “Timi palos” karvonsaroyini hamda beshta yordamchi xona, uchta hujra va uch do‘kondan iborat savdo rastalarini vaqf mulki sifatida muassasa ixtiyoriga topshirgan. Vaqfnoma shartiga binoan, ushbu tijorat inshootlaridan tushadigan barcha ijara daromadlari muayyan hissalarga – teng yuz qismga taqsimlanib, shifo maskani ehtiyojlariga yo‘naltirilgan.
Mazkur maskanda faoliyat yuritgan mutaxassislar tarkibi va xizmat haqining taqsimlanish tartibi o‘sha davr jamiyatining ma’naviy va tabaqaviy qiyofasini anglashda qimmatli dalildir. Jumladan, umumiy tushumning yuz qismdan iborat hisobidan eng katta ulush – naq o‘n qismi bevosita bosh tabibga tayinlangan. E’tiborga molik jihati shundaki, shifoxonaning umumiy ma’muriy boshqaruvchisi va moliyaviy nazoratchisi bo‘lgan mutasarrifga sakkiz qism maosh ajratilgan. Ilm va amaliyot sohibi bo‘lmish hoziq tabibga ijrochi boshqaruvchidan yuqoriroq haq to‘langani qoraxoniylar jamiyatida yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari mehnati yuksak qadrlanganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, muassasada qon oluvchi muolajachi – fassod, mohir pazandalar hamda xizmatchilar ham mehnat qilgan. Vaqf tushumidan alohida xizmatchiga besh qism, oshpazga uch qism maosh belgilangan.
Hujjatda xastalarning huquqlarini muhofaza qilishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Vaqfnoma talabiga ko‘ra, davolanayotgan kishilar xastalikdan butunlay forig‘ bo‘lguniga qadar ularni shifoxonadan chiqarib yuborish yoki bezovta qilish qat’iyan man etilgan. Shaharning yerlik fuqarosi va tashrif buyurgan musofirlar birdek bepul tibbiy ko‘mak olish huquqidan foydalangan. Bemor sog‘aygachgina o‘rnini boshqa muhtoj xastaga bo‘shatib berishi lozim bo‘lgan. Mazkur nizom talablarini o‘zgartirish yoki bekor qilish taqiqlanib, vaqf shartlarining abadiy kuchda qolishi muhrlangan.
Taniqli tarixchi va tangashunos olim Ye.Davidovich vaqfnomadagi pul muomalasiga oid tafsilotlarni tadqiq etar ekan, hujjat tasdiqlangan paytda Samarqandda amalda bo‘lgan tangalarning aniq qiymati qayd etilganini ta’kidlaydi. Unga muvofiq, bir misqol sof oltin qiymati aynan qirq yetti kumush dirhamga tenglashtirilgan. Hujjatda tangalar xarid quvvatining pasayishi, ya’ni pul qadrsizlanishi ehtimoliga qarshi maxsus muhofaza bandi kiritilgan bo‘lib, agar istiqbolda dirhamning bozor bahosi o‘zgarsa, xodimlarning ish haqi va shifoxona xarajatlari hujjat tuzilgan kundagi sof oltin o‘lchov mezoni bo‘yicha yangi muomaladagi dirhamlarda qayta hisoblab to‘lanishi shart qilib qo‘yilgan. Bu esa o‘rta asrlar huquqiy amaliyotida moliyaviy barqarorlikni asrash va muassasani moddiy tanazzuldan himoya qilishning ilg‘or tizimi mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.
Ibrohim tashabbusi bilan rasmiylashtirilgan ikkinchi vaqf hujjati Samarqandning “Bobulhadid”, ya’ni Temir darvoza mavzesida barpo qilingan madrasaga tegishlidir. Atrofida Xotun Malika maydoni va xonaqohlar joylashgan mazkur ta’lim dargohi ham talabalar va mudarrislar uchun moddiy sharoitlarni kafolatlagan. Agar davrlar o‘tib shifoxona yoki madrasa binolari tabiiy ofat yoki zamonlar evrilishi sabab yaroqsiz holga kelsa va ularni tiklash imkonsiz bo‘lib qolsa, vaqfnoma shartiga ko‘ra, ajratilgan ko‘chmas mulklarning barcha daromadlari abadiy ravishda Samarqanddagi beva-bechora va kambag‘al qatlam ehtiyojlariga sarflanishi belgilab qo‘yilgan.
Manbashunos olimlarning qayd etishicha, faqih Burhoniddin Mahmudning “Muhit al-Burhoniy” asari tarkibida saqlanib qolgan mazkur vaqf hujjatlari XI asrda Turonda shaharsozlik madaniyati, ijtimoiy institutlarni barqaror moliyalashtirish va tibbiy yordam tizimi yuqori darajada bo‘lganidan dalolat beruvchi muhim tarixiy yodgorlikdir. Ibrohim Tamg‘achxonning bu xayrli amali o‘zbek davlatchiligi tarixida ijtimoiy adolat va fuqarolar muhofazasi bosh mezon bo‘lganini namoyon etadi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA