O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi ko‘p yillardan buyon Saudiya podshohligi bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Bu hamkorlik natijasida Saudiya tomoni, xususan Podshoh Salmon ko‘mak va xayriya ishlari markazi ramazon oyi munosabati bilan O‘zbekistondagi ehtiyojmand aholi qatlami uchun xurmo va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, Qur’on kitoblari hadya qilishi an’ana tusini olgan.
Ushbu ezgu amal bu yil ham davom etib, oziq-ovqat mahsulotlari solingan 6150 dona quti hozirlandi. Kecha, 2 fevral kuni ushbu xayriya mahsulotlari qabul qilib olinib, o‘z egalariga topshirildi.
Tadbirda Saudiya Arabistonining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Sa’d ibn Nosir Abu Haymad, Podshoh Salmon ko‘mak va xayriya ishlari markazining O‘zbekistondagi koordinatori Nosir as-Subay’iy, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari vazifasini bajaruvchi Jahongir Salamov, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Saudiya tomoni xayriya ishida qatnashayotganidan mamnun ekanligini bildirib, oziq-ovqat mahsulotlarning haqiqiy haqdorlarga yetkazib berilishida ko‘mak berayotgan barcha tashkilotchilarga o‘z minnatdorligini bildirdi. Shundan so‘ng xayriya mahsulotlarini topshirish ishlariga start berildi.
Ta’kidlash kerakki, xayriya qilingan mahsulotlar respublika bo‘ylab taqsimlanib, tez kunlarda Ijtimoiy himoya milliy agentligining joylardagi boshqarmalari va fond filiallari orqali ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bor xonadonlarga tarqatiladi.
Ramazon oyi kirib kelishi bilan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar ko‘lami yanada kuchaytiriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Inson shunday yaratilganki, u boshqalarning tabiati, kamoli va jamolidan ta’sirlanib, ularga muhabbat qo‘yadi, ularni sevadi. Alloh taolo Nabiyi kariym sollallohu alayhi va sallamga eng oliy kamolotlarni ato qilgan. Shuning uchun har bir mo‘min kishi o‘zining suyukli payg‘ambari Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni soxtaliklarsiz, chin dildan sevadi, muhabbat qo‘yadi. Quyida u zotni sevishimizning sabablari keltiriladi.
1. U ZOT – ALLOH TAOLONING MAHBUBIDIR
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni sevishimizning eng birinchi va asosiy sababi shuki, U zot Alloh taoloning mahbubi (suyuklisi)dirlar. Butun olamlarning Robbi Alloh taolo u zotni sevar ekan, biz ummat nima uchun sevmaylik? Qur’oni karim u zotning kamollari va jamollariga eng katta guvohdir.
Qur’oni karimning amaliy tafsiri – Nabiyimiz sollallohu alayhi va sallamning hayotlaridir. Qur’oni karimning ilmiy ajoyibotlari tugamaganidek, siyrati nabaviyyaning ham amaliy ajoyibotlari tugamaydi.
Bu muborak zotga muhabbat qilish – tug‘ma va tabiiy holatdir. Alloh taolo O‘z mahbubi Nabiy sollallohu alayhi va sallamga juda ko‘plab izzat-ikrom va qadr-qimmat ko‘rsatdi. Qur’oni karimning bir necha o‘rinlarida ular ochiq-oydin keltirilgan. Quyida ana shu dalillarni sanab o‘tamiz.
BIRINCHI DALIL
Allloh taolo Qur’oni karimda bir necha o‘rinda O‘zining nabiylari bilan bo‘lib o‘tgan suhbatini keltirib, ularga o‘z ismi bilan xitob qiladi:
يَا آدَمُ – «Ey Odam» (A’rof surasi, 19-oyat).
يَا نُوحُ – «Ey Nuh» (Hud surasi, 46-oyat).
يا زَكَرِيَّا – «Ey Zakariyo» (Maryam surasi, 7-oyat).
يَا اِبْرَاهِيْمُ – «Ey Ibrohim» (Soffaat surasi, 104-oyat).
يَا دَاوُودَ – «Ey Dovud» (Sod surasi, 26-oyat).
يَا عِيْسَى – «Ey Iyso» (Oli Imron surasi, 55-oyat).
يَا مُوسَى – «Ey Muso» (Toha surasi, 17-oyat).
Lekin O‘z mahbubiga hech qachon u zotning ismi bilan murojaat etmadi, balki quyidagi lafzlar bilan xitob qildi:
يَا أَيُّهَا النَّبِيُّ – «Ey Nabiy» (Ahzob surasi, 1-oyat).
يَا أَيُّهَا الرَّسُوْلُ – «Ey Rasul» (Moida surasi, 67-oyat).
يَا أَيُّهَا الْمُزَمِّلُ - «Ey o‘ranib yotgan» (Muzzammil surasi, 1-oyat).
يَا أَيُّهَا الْمُدَثِّرُ – «Ey burkanib yotgan» (Muddassir surasi, 1-oyat).
Ma’lumki, sharqda farzandlar otani, shogirdlar ustozni, ayollar esa erni ismi bilan chaqirmaydilar. O‘zimizdan yosh jihatdan katta bo‘lgan kishilarni ham hurmat yuzasidan ismini tilga olib chaqirmaymiz. Bundan shu narsa oydinlashadiki, Alloh taolo O‘z mahbubini nihoyatda ikrom bilan e’zozlaydi, uni sevadi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿اِنَّ أَوْلَى النَّاسِ بِاِبْرَهِيْمَ لَلَّذِيْنَ اتَّبَعُوْهُ وَهَذَ النَّبِيُ﴾
«Odamlarning Ibrohimga haqlirog‘i – unga ergashganlardir va mana bu Nabiydir» (Oli Imron surasi, 68-oyat).
Bu oyatda Alloh taolo Ibrohim alayhissalomning zotiy ismlarini keltirdi, lekin Nabiy sollallohu alayhi va sallamning zotiy ismlari o‘rniga «Nabiy» lafzini keltirib, u zotga muhabbatini ifoda etdi. Alloma Saxoviy rahmatullohi alayh bu oyatni mana shu mazmunda sharhlaganlar.
"Ilohiy Rasul" kitobidan
Nodir Odinayev tarjimasi