Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Fevral, 2026   |   16 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:11
Quyosh
07:32
Peshin
12:42
Asr
16:01
Shom
17:47
Xufton
19:01
Bismillah
04 Fevral, 2026, 16 Sha`bon, 1447

Kimga Alloh nusrat bersa, aslo mag‘lub bo‘lmaydi

03.02.2026   3288   2 min.
Kimga Alloh nusrat bersa, aslo mag‘lub bo‘lmaydi

Musulmonning tavakkulga ehtiyoji kuchli bo‘ladi. Xususan “Rizq” masalasida. Chunki rizq insonning aqlini va qalbini mashg‘ul qilib qo‘yadi. Kechani bedor, uxlamasdan hamda kunduzini mehnat va mashaqqat bilan o‘tkazish natijasida insonning jismi charchaydi.

Ko‘pincha inson rizqni o‘ziga o‘xshash yaratilgan insonning qo‘lida deb, hayot luqmasini topish uchun nafsini xorlaydi, laganbardorlik qiladi, boshini egadi, sha’ni va qadr-qimmatini sarflaydi. U o‘ziga o‘xshash yaratilgan inson xohlasa beradi, xohlasa bermaydi hamda uning va bolalarining hayoti uning qo‘lida deb o‘ylaydi. Huddi Namrud Ibrohim alayhissalomga aytgan gaplaridek, Alloh taolo jonni olish va qaytarishga qodir Zotdir.

Ba’zi insonlar o‘zlariga haromni yeyishga, pora olishga, riboni muboh deb sanashga va botil yo‘llar bilan mollarni yeyishga fatvo beradilar. Sababi, yoshlikdan keyin qarilik, salomatlikdan keyin kasalilk, lavozimidan bo‘shab yoki undan keyin zurriyoti kuchsiz bo‘lib qolishidan qo‘rqadilar.


Abdulloh Muborak rahimahulloh: “Kimda kim kambag‘allik sababli harom narsani yesa, u tavakkul qiluvchi emas”, deganlar. Bularning barchasidan chiqish yo‘li Alloh taologa tavakkul qilishni mahkam tutmoqlikdir.

Musulmon kishi agar vo’iz, din tarqatuvchi va isloh qiluvchi bo‘lsa tavakkul qilishga ko‘proq muhtoj bo‘ladi. Albatta u, tavakkul qilishda mustahkam ustunni va mustahkam qo‘rg‘onni topadi hamda kufr, zulm, bog‘iy va fasod mustabidlariga yuzlanganda tavakkul qilishga suyanadi. U Alloh bilan nusrat topadi va Alloh bilan aziz bo‘ladi.

Kimga Alloh nusrat bersa, aslo mag‘lub bo‘lmaydi, kimni behojat qilsa, faqirlik ko‘rmaydi va kimni Alloh aziz qilsa xorlikka yuz tutmaydi.

﴿إِنْ يَنْصُرْكُمُ اللَّهُ فَلَا غَالِبَ لَكُمْ وَإِنْ يَخْذُلْكُمْ فَمَنْ ذَا الَّذِي يَنْصُرُكُمْ مِنْ بَعْدِهِ وَعَلَى اللَّهِ فَلْيَتَوَكَّلِ الْمُؤْمِنُونَ﴾

“Agar sizga Alloh nusrat bersa, sizdan g‘olib keluvchi yo‘q. Agar sizni tashlab qo‘ysa, Undan o‘zga kim ham yordam berar edi. Mo‘minlar faqat Allohgagina tavakkul qilsinlar”[1].

Yusuf Qarazoviy rahimahullohning
"Tavakkul" kitoblaridan


[1] Oli-Imron, 160-oyat.

Boshqa maqolalar

Qur’on qalbini zabt etgan yigit

03.02.2026   4045   3 min.
Qur’on qalbini zabt etgan yigit

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Imom Sa’labiy rahimahulloh aytadilar: “Abu Muhammad Xalil ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Mas’ud Muzakkar rahimahullohning bunday deganlarini eshitdim: “Ba’zi ulug‘lardan bunday hikoya keltirilgan:

“Mansur ibn Ammor aytadi: “Bir xaroba joyga kirdim. U yerda qo‘rquv bilan namoz o‘qiyotgan yigitni ko‘rdim. Ichimda: “Albatta, bu yigitda bir gap bor. Ehtimol, u Alloh azza va jallaning valiy do‘stlaridan bo‘lsa”, dedim. Namoz o‘qib bo‘lgunicha kutib turdim. Namozidan salom bergach, unga salom berdim. U alik oldi. Unga: “Jahannamda bir vodiy borligini bilmadingiz-mi? Alloh taolo u haqida bunday degan:

 

كَلَّا إِنَّهَا لَظَى

 

“Yo‘q! Albatta u (jahannam) kuchli alangadir”.

 

نَزَّاعَةً لِّلشَّوَى

 

“Boshning terisini sidirib oluvchidir”. (Bosh terisi shilib olingan do‘zaxiyga Alloh taolo yana yangi teri ato etadi. Jahannam o‘ti esa yana uni shilib oladi va shu tariqa to‘xtovsiz davom etaveradi.)

 

تَدْعُو مَنْ أَدْبَرَ وَتَوَلَّى

 

“U chaqiradir; orqaga ketgan va yuz o‘girganni” (Maorij surasi, 15-17-oyatlar).

 

Oyatni eshitgan yigit chuqur nafas oldi-da, ho‘ngrab yig‘lab yubordi, oh tortdi-yu, hushidan ketdi. O‘ziga kelganda, menga: “Yana Qur’on oyatidan o‘qib bering!” dedi. Men:

 

وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ

 

“Yoqilg‘isi odamlar va tosh bo‘lgan” (Baqara surasi, 24-oyat) degan oyatni o‘qidim. Oyatni eshitishi bilanoq joni uzilib, yerga yiqildi.

Libosini ko‘tarib, ko‘ksini ochsam, ko‘kragi ustiga:

فَهُوَ فِي عِيشَةٍ رَّاضِيَةٍ

 

“Bas, u rozilik hayotidadir”

 

فِي جَنَّةٍ عَالِيَةٍ

 

“Oliy jannatdadir”

 

قُطُوفُهَا دَانِيَةٌ

 

“Uning mevalari yaqindir” (Haaqqoh surasi, 21-23-oyatlar) degan oyatlar yozilganini ko‘rdim.

Kech bo‘lgach, uyquga yotdim. Tushimda uni to‘shak ustida, boshiga toj kiyib o‘tirgan holda ko‘rdim. Undan: “Alloh taolo seni nima qildi?” deb so‘radim. Shunda u: “U Zot menga Badr ahlining savobini berdi va yana ziyoda qildi”, deb javob berdi. Men yana undan: “Nega senga ularning savobi mislicha savob berdi?” desam, u: “Chunki ular kofirlarning qilichlari bilan o‘ldirildilar. Men esa Malikul G‘afforning qilichi bilan o‘ldirildim”, deb javob berdi.

Ushbu qissani olim Yofi’iy “Rovzur rayohiyn fiy hikayatis solihiyn” kitobida keltirgan.


Ahmad ibn Ibrohim Sa’labiyning
"Qur’on oshiqlari" kitobidan