Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

Nega Ka’baning ikkita tomi bor?

04.02.2026   7573   2 min.
Nega Ka’baning ikkita tomi bor?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ka’ba binosining mustahkamligini ta’minlash uchun unga qo‘shimcha tom qurilgan bo‘lib, u ichki va tashqi tomlardan iborat. Ushbu ikki tom orasidagi masofa bir metrdan ortiqni tashkil etadi.

Tashqaridan qaraganda yoki Ka’ba ichiga kirib, shiftga qaralsa, tom bir qavatdek tuyuladi.  Ka’baning yuqorisiga chiqgach, tomning ikki qavatdan iborat ekanligi bilinadi.

Ka’badagi ichki shift va tashqi tomlar asosan yog‘ochdan ishlangan. Tashqi tom Birmadan keltirilgan 49 dona Tik (teak) daraxti yog‘ochidan tayyorlangan. Har ikki tom maxsus yelim bilan mahkamlangan bo‘lib, bu ularning butunligiga zarar yetkazmasligini ta’minlaydi.

Tik yog‘ochi dunyodagi eng qattiq va chidamli yog‘ochlardan biri hisoblanadi. Uning tarkibida tabiiy moylar ko‘p bo‘lgani uchun u namlikka, chirishga va turli hasharotlarga (masalan, termitlarga) nihoyatda bardoshlidir. Chidamliligi tufayli undan asosan kemasozlikda, qimmatbaho mebellar yasashda va tarixiy obidalarning tom qismlarini qurishda foydalaniladi. Asosan Janubiy va Janubiy-Sharqiy Osiyoda (Hindiston, Indoneziya, Myanma/Birma) o‘sadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ka’baning ichki tom qismi tarix davomida 100 martadan ortiq ta’mirlangan. Ilk ta’mirlash ishlari Payg‘ambarimiz Muhammad alayhisslomning oxirgi haj safarlaridan qaytganlaridan so‘ng, ba’zi toshlar tushib ketganda amalga oshirilgan. Toshlar yog‘och bilan almashtirilgan.

Keyinchalik, Xalifa Umar ibn Xattob davrida ham binoni yanada mustahkamlash choralari ko‘rilgan va ushbu davrda mustahkam xom ashyolar ishlatilgani manbalarda qayd etiladi.

Har yili Makkada kuchli yomg‘irlar mavsumi boshlanganda, bir guruh mutaxassis ustalar Ka’ba tomini ko‘zdan kechiradilar. Agar yomg‘ir suvi tomdagi kichik tirqishlardan ichkariga sizib kirsa, inshootning o‘sha qismini qayta ta’mirlaydilar.

TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o‘qituvchisi Po‘latxon Kattayev

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Quvaytlik ekspert: O‘zbekiston va Quvaytni boy tarixiy meros va umumiy manfaatlar birlashtiradi

18.09.2026   2970   2 min.
Quvaytlik ekspert: O‘zbekiston va Quvaytni boy tarixiy meros va umumiy manfaatlar birlashtiradi

Quvaytning nufuzli “Al-Seyassah”, “Alwakt News” va “The Times Kuwait” nashrlarida quvaytlik ekspert va jamoat arbobi, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Tijorat arbitraj markazining sobiq bosh kotibi Tariq Yusuf ash-Shumaymiriyning “Samarqanddan Faylakagacha: zamin sivilizatsiya tilida so‘zlaganda nomli maqolasi chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muallif joriy yilning avgust oyida yurtimizga amalga oshirgan tashrifi davomida Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lgani, boy tarixiy-madaniy meros, me’moriy obidalar, qadimiy bozorlar hamda xalqimizning mehmondo‘stlik an’analari unda katta taassurot qoldirgani haqida yozadi.

Maqolada ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyoning qadimiy shahri Samarqand hamda Fors ko‘rfazidagi tarixiy Faylaka oroli xalqlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi o‘ziga xos sivilizatsion ko‘prik vazifasini bajargan. Samarqand Sharq va G‘arbni bog‘lagan quruqlikdagi karvon yo‘llari chorrahasi bo‘lgan bo‘lsa, Faylaka dengiz savdo yo‘llarida muhim strategik makon hisoblangan. Yurtimizdagi ilm-ma’rifatga bo‘lgan yuksak ehtirom va jamoatchilik an’analari Quvayt jamiyatidagi qadriyatlar bilan muayyan mushtaraklikka ega ekani alohida e’tirof etiladi.

Nashrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 17–18 fevral kunlari Quvayt Davlatiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘targani ta’kidlanadi. Tashrif yakunlari bo‘yicha sanoat, aviatsiya, “aqlli shaharlar”, sog‘liqni saqlash, turizm, madaniyat va san’at kabi sohalarda umumiy qiymati qariyb 4,9 milliard dollarlik kelishuvlar va investitsiya loyihalari paketi shakllantirildi.

Shuningdek, Quvayt Arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasining yurtimizdagi infratuzilma va sog‘liqni saqlash loyihalaridagi ishtiroki amaliy hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida ko‘rsatib o‘tiladi.

Maqola yakunida ta’kidlanganidek, Samarqand va Faylaka o‘rtasidagi tarixiy mushtaraklik hamda bugungi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar, faol investitsiyalar va madaniy almashinuvlar ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari