Muhabbatni uyg‘otuvchi va boshqalarga mehr ulashuvchi go‘zal tabassumingiz yaxshi.
Shar’iy do‘stlikni bino qilib, nafratni ketkazadigan shirin so‘zingiz yaxshi.
Miskinni shodlantiradigan, faqirni xursand etadigan va ochni to‘ydiradigan maqbul sadaqangiz yaxshi.
Qur’onni tilovat qilib, uni tadabbur etib, unga amal qilib, zikr va istig‘for aytib o‘tirishingiz yaxshi.
Farzandlaringizni dinimizga muvofiq qilishingiz, sunnatni o‘rgatishingiz va manfaat narsalar tomon ularni yo‘naltirishingiz yaxshi.
Iboingiz va Alloh buyurgan satri avratingiz yaxshi.
Allohdan qo‘rqadigan, dinini sevadigan va qadr-qimmatini biladigan ayollar ila suhbatingiz yaxshi.
Ota-onaga yaxshilik qilishingiz, qarindoshlar bilan aloqani mustahkamlashingiz, qo‘shnilarga yaxshilik qilishingiz va yetimlarni kafolatingizga olishingiz yaxshi. Manfaatli kitob o‘qishingiz yaxshi.
Doktor Oiz Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Sayyid Yahyo Bokuviyning boy ma’naviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning yopilish marosimi ramziy ma’noga ega bo‘lgan tarixiy Ag‘dam shahrida o‘tkazildi. Unda turkiy davlatlar, arab-musulmon mamlakatlari diniy peshvolari, ulamolar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugungi murakkab davrda tinchlik va hurlik eng bebaho ne’mat ekanini alohida ta’kidlab, ummat birligi, hamjihatlik va diniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash zaruratiga to‘xtaldilar. Shuningdek, davlat Rahbarlari o‘rtasidagi samimiy birodarlik va oliy darajadagi o‘zaro tashriflar xalqlarimiz tarixida yangi sahifa ochganini e’tirof etdilar.
Yig‘ilishda Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda ham so‘zga chiqib, yaqinda bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon yetakchisining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi va imzolangan "Abadiy do‘stlik shartnomasi" qardoshlik munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi.
Anjuman yakunida Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda janoblarining taklifiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilganlar va butun islom ummati haqqiga xayrli duolar qildilar. Muftiy hazratlari o‘z duolarida el-yurtlarimiz tinchligi, mamlakatlarimiz farovonligi hamda anjumanda ko‘tarilgan muhim masalalar musulmonlar va butun ummat manfaati uchun xizmat qilishini Haq taolodan so‘radilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati