Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Fevral, 2026   |   19 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:08
Quyosh
07:28
Peshin
12:42
Asr
16:05
Shom
17:51
Xufton
19:04
Bismillah
07 Fevral, 2026, 19 Sha`bon, 1447
Maqolalar

“Oq uy” jome masjidi (fotolavha)

06.02.2026   1270   1 min.
“Oq uy” jome masjidi (fotolavha)

Poytaxtimizning fayzli mahallalaridan biri “Fayzobod”da qo‘r to‘kib turgan “Oq uy” jomesini ko‘rgan kishining dili yayraydi. Zamonaviy uslubda did bilan qurilgan masjidga namozxonlar shaharning hamma joyidan bir martagina bo‘lsa ham boshini sajdaga qo‘yish ishtiyoqida keladi.
 

Ilgari bu yerda faqat kichik namozxona bo‘lgan. “Fayzobod” va yon-atrofdagi mahallalarda istiqomat qiladigan namozxonlarga qulaylik yaratish maqsadida 2018 yilning 18 iyunida Mirobod tumanidagi “Oq uy” musulmonlar qabristoni hududida yangi jome masjid barpo etish to‘g‘risida Toshkent shahar hokimligining qarori chiqdi.


2019 yil fevral oyida “Oq uy” jome masjidi poydevoriga birinchi g‘isht qo‘yildi. Hashar yo‘li bilan yangi barpo etilgan “Oq uy” masjidi 2024 yil mart oyida foydalanishga topshirildi. Masjid xonaqohi sig‘imi olti ming kishiga mo‘ljallangan, hayit namozlarida o‘n-o‘n ikki ming kishi namoz o‘qiydi.


Jomening ikki qanotida ikkinchi qavatlari ham mavjud. Shuningdek, katta xonaqoh hajmicha keladigan yerto‘lasi ham bor va u yerda ham namoz o‘qiladi. Masjidning bitta minorasi bo‘lib, balandligi yigirma yetti metr.


Imom-xatib va imom noiblari uchun to‘rtta xona ajratilgan. Ulardan tashqari, yana beshta umumiy xizmat xonasi, masjid kutubxonasida esa 250 dan ortiq kitob bor. Issiq va sovuq suv bilan ta’minlangan zamonaviy tahoratxona bir vaqtning o‘zida 120 kishiga xizmat ko‘rsatadi. 


Robiya DAMIN qizi

“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 1-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws

“Oq uy” jome masjidi (fotolavha) “Oq uy” jome masjidi (fotolavha) “Oq uy” jome masjidi (fotolavha) “Oq uy” jome masjidi (fotolavha) “Oq uy” jome masjidi (fotolavha) “Oq uy” jome masjidi (fotolavha)
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Islomiy bank faoliyatining joriy etilishiga oid qonun Senatda ma’qullandi

06.02.2026   1552   2 min.
Islomiy bank faoliyatining joriy etilishiga oid qonun Senatda ma’qullandi

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
 

So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda zamonaviy bank xizmatlarini joriy qilishga va xalqaro tajribani inobatga olgan holda bank tizimini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.


Bugungi kunda moliyaviy xizmatlar qamrovini kengaytirish va xalqaro islomiy moliya standartlariga muvofiq yangi turdagi muqobil bank xizmatlarini joriy etish zarurati yuzaga kelayotgani ta’kidlab o‘tildi. Shundan kelib chiqib, mazkur Qonun bilan 2 ta kodeks hamda 7 ta qonunga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi yangi normalar kiritilmoqda.


Xususan, Qonun bilan islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya turi joriy qilinib, unga oid talablar belgilanmoqda. Jumladan, mazkur litsenziya bilan banklar tomonidan to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshirish yoki bir vaqtning o‘zida ham an’anaviy, ham islomiy bank faoliyatini amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.


Shuningdek, islomiy moliya faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy bank va islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarda islomiy moliya kengashini tashkil etish hamda uning faoliyatiga doir talablar belgilanmoqda.


Bundan tashqari, islomiy moliya operatsiyalarining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olib, Soliq kodeksiga islomiy moliya operatsiyalarini soliqqa tortish tartibini belgilovchi alohida bob kiritilmoqda. Unga asosan islomiy moliya faoliyatidan olingan daromadlar soliq solish maqsadlarida foizli daromadlarga tenglashtirilib, banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan mijozga realizatsiya qilinadigan tovarlarga qo‘yiladigan ustama QQSdan ozod qilinmoqda.


Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishiga, mamlakatimizda raqobat muhitining yaxshilanishiga hamda bank-moliya sohasiga yangi strategik investorlarning kirib kelishiga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma’qulladi.

Senat.uz

O'zbekiston yangiliklari